баннер
2 Apr 2025
01:10

    “Yangi Oʻzbekiston” nomli vagonlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi

    Uzunligi 26 metrli yoʻlovchi vagonlari qulay va keng kupeli yotoq joyga ega. Har bir kupe havo haroratini nazorat qiluvchi alohida qurilmalar bilan jihozlangan.

    Prezidentimiz oʻtgan yili 19-mart kuni “Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatiga tashrifi davomida yangi vagon ishlab chiqarish boʻyicha topshiriq bergan edi.

    Shundan kelib chiqib, bu yerda “Yangi Oʻzbekiston” nomli zamonaviy dizaynga ega yoʻlovchi vagonlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    Uzunligi 26 metrli yoʻlovchi vagonlari qulay va keng kupeli yotoq joyga ega. Har bir kupe havo haroratini nazorat qiluvchi alohida qurilmalar bilan jihozlangan. Shuningdek, zamonaviy elektr choynak, mobil telefonni quvvatlash moslamasi, yoʻlovchilar xotirjamligini taʼminlash uchun videokuzatuv moslamalari mavjud.

    Bu hali hammasi emas. Zavodda, ­shuningdek, 12 ta vagondan iborat yangi “dizel poyezd” qisqa muddatda oʻzlashtirilib, Toshkent — Buxoro — Toshkent yoʻnalishi boʻyicha qatnovga qoʻyildi. Ushbu poyezd 2 ta VIP, 4 ta biznes, 4 ta ekonom klassdagi vagon, 1 ta restoran vagon hamda tarkibni quvvatlash uchun 1 ta dizel vagonidan tashkil topgan.

    — Mazkur poyezdda koʻplab qulayliklar mavjud, — deydi “Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish boʻyicha direktori B.Eshmurodov. — Masalan, yoz va qish oylarida sovitish hamda isitish tizimi uzluksiz ishlaydi. Poyezd boshqa yoʻlovchi vagonlarida mavjud boʻlmagan texnologik imkoniyatlarga ham ega. Ishlab chiqarilayotgan yoʻlovchi vagonlari qoʻshni davlatlarga ham sotilmoqda.

    Zavodda oʻtgan yili 35 ta yoʻlovchi vagoni ishlab chiqarilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkichni 70 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Kelgusida ular soni yiliga 100 taga yetkaziladi.

    Rustam HAYDAROV,

    jurnalist

    Telegram kanalimiz
    Text to speech