Yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi

    Oʻzbekistonning yana-da rivojlanib, taraqqiy etib borishi koʻp jihatdan kelajak avlodning mustaqil hayotga qanday bilimlar, dunyoqarash va maʼnaviy qadriyatlar bilan yoʻl olishiga ham bogʻliq.

    Yoshlarning ona Vatanga boʻlgan muhabbat va sadoqat tuygʻusini bolalikdanoq ongu-tafakkuriga singdirib borish, istiqbolli kelajakka qoʻyilayotgan mustahkam va nurli qadam hisoblanadi. Ularni yurtga munosib, jasur, maqsadga intiluvchan va oʻz hayotiy pozitsiyasiga ega etib oʻstirishda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.

    Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi esa bu vazifani dasturilamal ravishda bajarib borishga xizmat qilayotir.

    Toshkent shahridagi 295-sonli umumtaʼlim maktabida, birinchi sinf oʻquvchilarining “Harbiy qasamyod” qabul qilishga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbiri ham buning yorqin misolidir.

    Gullar, alvon tasmalar, rangin sharlar bilan bezatilgan taʼlim muassasasida oʻtkazilgan tantanada ishtirok etar ekanmiz, jajji bolajonlarning bir safda haqiqiy askarlarday shaxdam qadam tashlab, qasamyod qabul qilishi, koʻnglimizga nafaqat gʻurur tuygʻularini bagʻishladi balki, ularning ovozlarida yangragan har bitta soʻz yuraklarimizga singib, shuurimizga ham mustahkam oʻrnashib qolganday tassurot uygʻotdi...

    Men, harbiylashtirilgan maktab oʻquvchilari safiga qabul qilinar ekanman, ustozlarim bergan topshiriqlarini soʻzsiz bajarishga, ota-onamni hurmat qilishga, ona Vatanimning har bir qarich yerini eʼzozlab, unga sodiq faraznd boʻlishga va yurtim ravnaqi uchun oʻz hissamni qoʻshishga tantanali qasamyod qilaman!....

    Murgʻak qalblarning oʻziga ishonch bilan tashlayotgan shijoatli qadamlari, begʻubor nigohlaridagi cheksiz quvonch shuʼlasi, yuzlaridagi mayin tabassum va ovozlaridagi qatʼiy jaranglar, yon-atrofga takror-takror aks-sado berganday boʻldi....

    – Bugungi modernizatsiya jarayonlari, islohot va oʻzgarishlar natijadorligi ham, maktab taʼlimiga yangi avlodni bilmli va munosib farzandlar qilib yetishtirish masalasiga borib taqaladi, – deydi Uchtepa tumanidagi 295-sonli umumtaʼlim maktabi direktori Nilufar Ismatullayeva. – Harbiy boshlangʻich tayyorgarlikning amaliy va nazariy mashgʻulotlarida, oʻquvchilarning har tomonlama chiniqib borishi va Vatan himoyachisi boʻlib kamol topishida asqotadigan koʻnikmalar oʻrgatilmoqda. Taʼlim tizimini rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan zarur barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Biz pedagoglarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, mehnatimizni qadrlash boʻyicha ham imkoniyatlar yetarli. Bu esa bizlarni masʼuliyat va izlanishga undamoqda. Uchinchi renessans poydevorini mustahkamlash uchun, yurt shaʼnini muqaddas biladigan, xalqimizga chin dildan xizmat qiladigan yoshlarni tarbiyalab berishimiz kerak...

    Darhaqiqat, taʼlim-tarbiyada ehtiyotkorlik, ­buzgʻunchi gʻoyalardan bolalarimizni asrash ertangi istiqboli porloq kunimizning garovidir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek: “Maktab – bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning oʻzi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak”. Zero, bolaning tafakkuri asosan maktabda shakllanadi va aynan shu muqaddas goʻshada, Vatan, millat va qadriyatlarimizni qadrlash kabi tuygʻular ularning qalbiga singdiradi.

    Maktab direktorining maʼlum qilishicha, 1991-yilda tashkil etilgan, 1250 oʻrinli maktabda, bugungi kunda 2240 nafar oʻquvchilar tahsil olmoqda. Joriy oʻquv yili uchun 1-sinfga 210 nafar oʻquvchilar qabul qilingan boʻlib, yangi tashkil etilgan harbiy sinfda 36 nafar oʻquvchilar tahsil olmoqda. Ilgari oʻquvchilarning mashgʻulotlar olib borishi uchun oʻquv jihozlari, labaratoriya xonalari yetarli boʻlmagan. Sport va boshqa fan toʻgaraklarini faoliyat olib borishi uchun imkoniyatlar haminqadar boʻlgan.

    Biroq, Vazirlar Mahkamasining 679-sonli qarori asosida 2019-2020-oʻquv yilida mazkur maktab kapital tamirga tushgan. Oʻtgan qisqa fursat davomida topshiriqlar ijrosi yuzasidan bir qator samarali ishlar amalga oshirildi. Keng va shinam sinfxonalar zamonaviy jihoz va uskunalar bilan taʼminlandi. Bularning bari ustoz va murabbiylarni yana-da koʻproq gʻayrat bilan bolalarga taʼlim-tarbiya berishga chorlashi shubhasiz.

    Maktabda harbiy “Vatanparvarlik” sinfini tashkil qilinishi esa, ezgulik yoʻlida tashlangan qutlugʻ qadam hisoblanadi. Umid qilamizki, harbiy sinfni tugatgan oʻquvchilar kelajakda yurtimizning mard va dovyurak farzandlari boʻlib kamolga yetadi.

    Oʻgʻlimni harbiy kiymda koʻrish va ayniqsa qasamyod qabul qilayotgandagi holati, qalbimda iftixor tuygʻularini uygʻotdi, – deydi, tadbir ishtirokchisi, Zarnigor Ibragimova. – Farzandlarimizni oʻzi tugʻilib, voyaga yetayotgan diyoriga mehr-muhabbatini mustahkamlab, farzandlik burchini anglatib, sogʻlom va mustaqil fikr yuritadigan barkamol inson sifatida shakllantirishda umid qilamanki, harbiy taʼlim oʻz natijasini albatta beradi.

    Harbiy qasamyod qabul qilish tantanalari doirasida, maktab oʻquvchilari ijrosida yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtiborni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar yangradi. Harbiylik qasamyodini endigina qabul qilgan bolajonlar esa, ustoz, Vatan va ota-onalarga bagʻishlangan sheʼrlarini goh tutilib, gohi ifodali tarzda, biyron yod oldilar.

    Yuraklarni orziqtiruvchi ushbu tantanada, ustoz va bolajonlarini gullar bilan olqishlagan ota-onalarning koʻzlarida quvonch yoshlari mavjlandi.

    Oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash har bir oʻqituvchining oldida turgan eng dolzarb va sharafli vazifalaridan biri hisoblanadi. Jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan islohotlar esa eng avvalo maktab tarbiya masalasidan boshlanadi. Chunki, taʼlim va tarbiyaning asosiy poydevori, maktabdir. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda “Yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi!”

    Gulichehra DURDIYEVA