Xalq ta'limi sohasidagi tashabbuslarning samarali amalga oshirilishi davlat va jamiyat taraqqiyotiga erishish yo'lidagi muhim qadamdir. Zamonaviy dunyoda ta'limning qadr-qimmati tobora ortib bormoqda, hozirgi davr yoshlari kelajakda ular uchun yangi ufqlar ochadigan, eng ilg'or g'oyalarni ro'yobga chiqarishga yordam beradigan yuqori sifatli bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishdan manfaatdor.

Maktab ta'limidagi islohot o'ta mas'uliyatli vazifadir. Yurtimizning kelgusi yillardagi farovonligi va barqaror rivojlanishi uning muvaffaqiyatiga bog'liq. Davlatimiz rahbarining “2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida”gi farmonida xalq ta'limi tizimi oldiga yangi mas'uliyatli vazifalar qo'yilgani sababi ham shunda.

Farmonda ta'lim sifatini oshirish bo'yicha belgilangan vazifalar doirasida o'rta ta'lim tizimini zamon talablariga moslashtirish maqsadida umumiy o'rta ta'lim muassasalarida darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 605 milliard so'm ajratilishi ko'rsatib o'tilgan. Ayni vaqtda yangi avlod darsliklarini ilg'or tajribalar asosida to'liq yangilash uchun Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya kabi davlatlardan qirqqa yaqin xalqaro ekspert jalb qilingan. Mazkur darsliklar o'quvchilarning nazariy bilimini oshirib, fikrlashga chorlaydigan metodikalar sirasiga kiradi.

Shuningdek, 141 mingta yangi o'quv o'rni va ularning sonini 2026 yil yakuniga qadar 6,4 milliongacha etkazish, maktab o'quvchilarini kasb-hunarga o'qitish bo'yicha choralar ko'rish vazifasi yuklatilgan.

Iqtidorli yoshlar bilan ishlashning yagona va samarali tizimini yaratish, o'quvchilarning iqtidor va salohiyatini ro'yobga chiqarish borasida ularning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, talabchan mutaxassislar, barcha imkoniyatlarga ega pedagog kadrlar tayyorlashni ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlarni qabul qilish ustuvor vazifa bo'lib qolmoqda.

O'zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirish jarayonida ta'lim sohasi muhim ahamiyatga ega. Bir umrlik ta'lim zanjirining barcha bosqichlarida bolalar va o'smirlarning bilim va ko'nikmalar egallashi uchun eng qulay sharoitlarni yaratish zarur. Keyingi uch yilda esa barcha sinflarda yangi avlod darsliklarini joriy etish rejalashtirilgan. Birgina 2022 yilning o'zida umumta'lim maktablarining 3-, 6-, 7-, 10-sinflari uchun 400 dan ortiq yangi darslik, mashq daftari va qo'llanmalar yaratilib, asosiy fanlar xalqaro ekspertizadan o'tkaziladi. Xususan, pedagoglar uchun ilk marotaba har bir fandan yaratilayotgan o'qituvchi kitoblari maktablarimizga Milliy o'quv dasturiga asos bo'lgan zamonaviy metodika va yondashuvlarning kirib borish sur'atini jadallashtiradi.

Belgilangan maqsadlarga erishish uchun o'qituvchilarning bilim darajasidan kelib chiqib, ularning pedagogik mahoratini oshirish ishlarini jadallashtirish zarur. Kelgusida o'qituvchilar xalqaro standartlarga javob beradigan qayta tayyorlashdan o'tadi. Shu bilan birga, bosqichma-bosqich yangi tasniflash tizimi joriy etiladi. Yuqori malaka darajasini tasdiqlovchi sertifikatga ega bo'lgan o'qituvchilar maxsus sovg'alar bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, maktablarda ta'lim olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, jumladan, o'quvchi o'rinlari sonini ko'paytirish orqali kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ko'zda tutilgan. 400 ga yaqin yangi maktab quriladi va 3 mingta mavjud maktab rekonstruktsiya qilinadi. Joriy yilda 47 ta yangi ta'lim muassasasi qurilishi rejalashtirilgan. 203 tasi 2022 yilda rekonstruktsiya qilinishi kerak.

Bir so'z bilan aytganda, maktab ta'limini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish uchun ulkan islohotlar sari dadil qadam qo'yildi. Galdagi marra ushbu vazifalarni jadal sur'atlarda ijro etish. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, ushbu islohotlar Vatanimiz kelajagidir va bu yo'lda shoshqaloqlik qilish yaramaydi. Shunday ekan, mazkur mas'uliyatli yo'lda barchamiz strategik maqsadlarni to'g'ri belgilab olishimiz lozim.