Koʻp sinovlar, qiyinchilik davrlar xalqimiz ogʻir chigʻiriqlardan oʻtkazdi. Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy inqiroz pallasida mustaqillikni qoʻlga kiritgan zahmatkash xalqimiz eng murakkab va ogʻir davrlarda ham oʻzaro birlik va hamjihatlikni yoʻqotmadi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda: “koʻpni koʻrgan xalqimiz oʻzining mustahkam irodasi va matonati, beqiyos salohiyatini namoyon etib, tarixan qisqa fursat ichida ulkan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi”.

Oʻttiz yillik tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, qisqa davrlar ichida yangi davlat va jamiyat qurilishi isloh etildi, boshqaruv va ijtimoiy hayotning huquqiy asoslari ishlab chiqildi, siyosiy va iqtisodiy mustaqillik mustahkamlandi. Ushbu taraqqiyot yoʻlida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar har yili mustaqillik bayramida sarhisob qilinib, qoʻlga kiritilgan yutuqlar eʼtirof etib boriladi. Mening nazarimda, bu yil mamlakatimizning navqiron 30 yillik bayrami xalqimiz tomonidan har yilgidan ham oʻzgacha shukuh va oʻzgacha koʻtarinki kayfiyat bilan kutib olindi. Barpo etilgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida, koʻrkam va ulugʻvor “Mustaqillik” monumenti ostida tashkil etilgan bayram barchada unutilmas taassurot qoldirdi.

Taʼkidlash lozimki, yurtboshimiz rahbarligida soʻnggi besh yil davomida olib borilgan xalqchil, adolatli va keng qamrovli islohotlar hayotda oʻzining ijobiy natijalarini aks ettirmoqda. Xalq manfaati barcha narsadan ustun darajaga olib chiqildi, “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil ustuvorlik kasb etmoqda. Jamiyatimizda ijtimoiy muhitni yaxshilash, aholi farovonligi yoʻlida sidqi-dildan xizmat qilish har bir davlat organlarining asosiy vazifasi sifatida belgilandi.

Ayniqsa, kelajak bunyodkorlari boʻlgan yoshlarga taʼlim-tarbiya berish, ularni barkamol avlod etib voyaga yetkazish hamda ilm-fan va texnika yutuqlaridan oqilona foydalangan holda zamonaviy bilimlar bilan qurollantirib borish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Davlatimiz rahbarining har bir yigʻilish va uchrashuvlarida yoshlarni asrab-avaylash, qoʻllab-quvvatlash hamda ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish masalasi asosiy kun tartibi sifatida koʻrib borilmoqda.

Mustaqillik bayrami kuni yurtboshimizning “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu gʻoyalarga yoʻgʻrilgan bayramona nutqlarida taʼlim-tarbiya va yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Yoshlarga yuksak ishonch va katta umidlar bildirildi.

Qayd etish lozimki, yoshlar, ilm-fan va taʼlim sohasi vakillari mustaqillik bayrami bilan uygʻun holda yangi oʻquv yilini boshlaydilar. Ushbu ayyom sharofati bilan hosil boʻlgan bayramona kayfiyat taʼlim jarayonlarini koʻtarinkilik ruhida boshlashga xizmat qiladi. Bugun barcha taʼlim maskanlarida bilim ixlosmandlarini kutib olish, zamonaviy ilm ziyosidan bahraman qilib borish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarining ochilishi, oliy taʼlim muassasalari sonini 141 taga yetkazilishi, qabul kvotalarini 3 barobar oshirilishi va bitiruvchini oliy taʼlimga qamrab olish darajasini 9 foizdan 28 foizga koʻtarilishi yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochdi, bilimli yoshlar salmogʻi ortishiga zamin yaratdi. Bu imkoniyat va sharoitlar nafaqat yoshlarni, ilm-fan va taʼlim sohasi vakillarini, balki barcha xalqimizni birdek quvontirib kelmoqda.

Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, fan va taʼlim ahlining jamiyatda tutgan mavqeyini oshirishga qaratilgan eʼtiborlar Yangi Oʻzbekistonda farovon hayot barpo etishning asosiy omillaridan biriga aylandi. Bu eʼtibor yangicha fikrlaydigan, masʼuliyatli, tashabbuskor, raqobatbardosh, vatanparvar va fidoyi yosh avlodni kamolga yetkazishga xizmat qiladi. Yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek: “Maʼnaviy uygʻoq jamiyatni, oʻz oldiga ulkan vazifalar qoʻyib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni hech kim oʻz yoʻlidan toʻxtata olmaydi”.

Odiljon Mamatkarimov,

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori,

fizika-matematika fanlari doktori, professor,

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.