Yurtimizda yana bir islohotlar uchun poydevor yaratildi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash” yilida amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi va uni tasdiqlash toʻgʻrisidagi prezidenti farmoni loyihalari ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun www.uzbekistan2030.uz veb-saytiga joylashtirildi.
Davlat dasturi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston prezidenti farmoni 7 ta blokdan iborat boʻlib, 36 ta bandni oʻz ichiga oladi. Hujjat loyihasida yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yoʻnalishlarida 2024-yilga moʻljallangan islohotlar nazarda tutilmoqda.
“Yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yoʻnaltirilgan boshqaruvni yanada takomillashtirish maqsadida “Yoshlar balansi” asosida alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, isteʼdodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi qarori bilan vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilishi Dastur loyhasining birinchi bandida belgilab berildi.
Bugun Yangi Oʻzbekiston hayotining barcha sohalari chuqur islohotlar maydoniga aylangan. Bu jarayonda ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar haqida toʻlqinlanib soʻzlamaslikning iloji yoʻq. Mamlakatimizda soʻnggi yillarda taʼlim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish boʻyicha amaliy ishlar hal qiluvchi bosqichga kirdi.
Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy qismini, albatta, oliy taʼlim tizimidagi islohotlar tashkil etadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida ushbu Dastur loyhasi yangi islohotlar uchun debocha vazifasini bajarib bermoqda.
Ushbu Dasturda intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish singari vazifalar asos qilib olindi.
Dastur mazmuni mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini aks ettiradi. Unda oliy oʻquv yurtlarida qamrov darajasini kengaytirish hamda taʼlim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va taʼlim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish, xalqaro eʼtirofga erishish hamda boshqa koʻplab aniq yoʻnalishlar belgilab berilgan. Bularning barchasi taʼlim jarayonini yangi sifat bosqichiga koʻtarish uchun xizmat qiladi.
Xususan, maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 2030-yilda 50 foizga yetkazish, shuni hisobga olib, oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlari ikki barobar koʻpaytirish; oliy taʼlimning qamrov darajasini bosqichma-bosqich oshirish, tizimda sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, oʻquv yuklamalarini maqbullashtirish, taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish; oliy taʼlim muassasalarining moliyaviy mustaqilligini taʼminlash, professor-oʻqituvchilarning maoshini oshirilishi oliy taʼlim islohotlarining dastlabki natijalaridir.
Oliy taʼlimdagi islohotlarning barchasi mamlakatimizning iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning uzviy davomidir.
Xulosa qiladigan boʻlsak, taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli vazifalar, oʻzining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng koʻlamda davom ettirish davr talabidir.
Abdugʻaffor SHARAFIDDINOV,
Fargʻona davlat universiteti
Oʻzbekiston tarixi kafedrasi dotsenti