Yangi Oʻzbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun

    Fikr 22 Dekabr 2022 4986

    “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat degan gʻoyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak. Hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib boʻlmaydigan xavf-xatarlarni yengib oʻtishga qodir boʻlgan milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlashimiz zarur.”

    “Inson qadri uchun” gʻoyasidan kelib chiqadigan, islohotlarimizning bosh tamoyili boʻlgan “Inson-jamiyat-davlat” yondashuvini Konstitutsiyamiz mazmun - mohiyatiga chuqur singdirsak, u hayotimizning bosh kadriyatiga aylanadi. Bu demakki, amalga oshirayotgan barcha islohotlarimiz markazida inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan ezgu gʻoya mujassam boʻlmogʻi lozim. Chunki, bizning buyuk allomalarimiz boy ilmiy va maʼnaviy merosida xam, inson - hayot gavhari, tengsiz moʻjiza sifatida ulugʻlanadi. Inson munosib sharoitda talim tarbiya olib, farovon hayot kechirgan taqdirdagina, jamiyat va davlat uygʻunlikda barqaror rivojlanadi. Shuning uchun ham, bugungi kunda jahon miqyosida inson huquq va erkinliklariga, ushbu tushunchalar bilan bogʻliq reyting va standartlarga birinchi darajali ahamiyat berilmoqda.

    Inson-davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat boʻlishi lozim. Biz barpo etayotgan Yangi Oʻzbekiston uchun inson qadri va halq manfaati hamma narsadan ustundir.

    Umuman, maʼno-mazmuni inson qadrini ulugʻlash ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi Oʻzbekistonga mos boʻlgan Konstitutsiyani har tomonlama oʻylab, shoshilmasdan ishlab chiqishimiz kerak.

    Shu bois inson qadrini yuksaltirish davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi boʻlmogʻi shart. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ushbu tamoyillar aniq ifoda etilishi, oʻzining mukammal huquqiy yechimini topishi zarur.

    Xususan, Konstitutsiyamizning 18-moddasiga “Oʻzbekiston Respublikasida inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga mufoviq eʼtirof etiladi va kafolatlanadi.

    Insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmasdir hamda ular har kimga tugʻilganidan boshlab tegishli boʻladi. Insonning shaʼni va qadr qimmati daxlsizdir” degan yangi normalar kiritilmoqda. Shuningdek, ushbu moddaning uchinchi qismi “Inson - oliy qadriyat”, degan jumlalar bilan toʻldirilmoqda.

    Konstitsiyamizning 27-moddasida esa, “Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy siriga ega boʻlishi, oʻz shaʼni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega” ekanligi belgilab qoʻyilmoqda.

    “Shularni eʼtiborga olgan holda, Asosiy qonunimizni takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Ushbu islohotdan xalqimiz katta oʻzgarishlar kutmoqda”.

    “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyili asosida barcha masalalar boʻyicha xalqimiz bilan bamaslahat ish tutamiz.

    Jamiyat islohotlarning ishtirokchisigina emas, balki bu jarayonning faol tashabbuskori sifatida oʻzini namoyon qilmogʻi lozim. Buning yaqqol misoli sifatida 2022-yilning iyun-iyul oylarida Konstitutsiyamizga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha, uni umumxalq muhokamasiga olib chiqilganda, xalqimizning turli xil vakillari-yoshlar, keksa avlod vakillari, turli millat vakillari, olimlar, ziyolilar, turli-tuman kasb egalari, davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari muxtasar aytganda, butun jamiyat faol ishtirok etdi, minglab, yuzlab fikr va mulohazalar bildirildi, baxstalab masalalar boʻyicha yechimlar va takliflar Oliy Majlisning Konstitutsiyaviy komissiyasiga, maxsus portalga, Prezident Administratsiyasiga, OAV nashrlari va internet sahifalariga kelib tushdi. Jamoatchilikdan kelib tushgan fikr va mulohazalar olimlar, ekspertlar tomonidan oʻrganilib xulosalar olindi, bu jarayondan jamoatchiligimiz muntazam xabardor qilib borildi. Bugungi kunga qadar bu borada 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani ham buning yaqqol dalilidir.

    Bu demakki, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Fuqarolarimiz bildirgan barcha taklif va istaklar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi”.

    “Eng muhimi – har bir vatandoshimiz konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor boʻlishi va “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb yuksak gʻurur va iftixor bilan ayta olishi kerak”.

    Lola Saidova

    Yuridik fanlar doktori, dotsent, SMTI bosh ilmiy hodimi