“Yangi O'zbekiston” universiteti — yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi

    Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan “Yangi O'zbekiston” universitetiga qabul jarayonlari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

    Tadbirda Prezident ta'lim muassasalari agentligi rahbariyati va vakillari qabul jarayonlari, imtihon tartibi va “YAngi O'zbekiston” universitetida yo'lga qo'yilayotgan o'quv jarayonlari, yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma'lumot berdi. “Yangi O'zbekiston” universitetining faxriy rektori Volfgang Herrmann va universitetning kimyo muhandisligi fakul`tetida dars berishga taklif qilingan Janubiy Koreyaning Sejong universiteti ilmiy tadqiqotchisi, professor elyorjon Jumaev anjumanga ZOOM orqali bog'landi.

    Ta'kidlanishicha, “Yangi O'zbekiston” universiteti “Dunyoning eng yaxshi 100 universiteti” reytingida 1 o'rinda turadigan Massachuset texnologiya instituti hamda xalqaro sifat standartlariga muvofiq kompleks va ilmiy-texnik markazlarini yaratishda Myunxen Texnika universiteti bilan hamkorlik qiladi.

    Prezident ta'lim muassasalari agentligi hamda “TUM International GmbH” tashkiloti o'rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasiga muvofiq, Myunxen Texnika Universitetida 24 yil davomida rektorlik qilgan Volfgang Herrmann “Yangi O'zbekiston” universitetining “Faxriy rektori” bo'lishi ko'zda tutilgan.

    — Shubhasiz, har bir mamlakatning kelajagi yosh avlod bilan uzviy bog'liqdir. Shunday ekan, yangi universitetning tashkil etilishini birinchi navbatda kelajakka kiritilayotgan ulkan investitsiya, deb hisoblayman, — dedi anjumanga ZOOM orqali bog'langan Volfgang Herrmann. — Men 50 yildan oshiqroq vaqt ta'lim sohasida ishladim. Shuning uchun ham, yurtingizdagi yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va “Yangi O'zbekiston” universitetini tashkil etish g'oyasini juda yuqori baholayman.

    Universitet talabalariga eng nufuzli mahalliy ishlab chiqarish korxonalari va hatto chet elda ham amaliyot o'tash imkoni beriladi. Shuningdek, iqtidorli va akademik muvaffaqiyatga erishgan talabalar uchun turli grantlar taqdim etiladi.

    — Men “Yangi O'zbekiston” universitetining Kimyo muhandisligi fakul`tetida dars berishga taklif qilinganimdan juda xursandman, — dedi tadbirda so'z olgan elyorjon Jumaev. — Mazkur oliy ta'lim muassasasining xalqaro standartlar asosida, xorij tajribasiga asoslangan holda faoliyat olib borishi rejalashtirilmoqda. Bu esa ilmiy faoliyat bilan shug'ullanuvchilarni o'ziga tortishi tabiiy. “Yangi O'zbekiston” universiteti mamlakatimiz yoshlari uchun yangi imkoniyatlarga yo'l ochib berishiga aminman.

    Tadbirda “Yangi O'zbekiston” universiteti 2021/2022 o'quv yili uchun taklif qilinayotgan yo'nalishlar xususida ma'lumot berildi:

    Mexanika muhandisligi (100 o'rin)

    Kimyo muhandisligi (100 o'rin)

    Dasturiy ta'minot muhandisligi (100 o'rin)

    Universitetiga kirish uchun arizalar joriy yilning 15 avgusti soat 18:00 ga qadar newuzbekistanuniversity.uz sayti orqali onlayn tarzda qabul qilinadi.