Yangi O'zbekiston universiteti talabalari Koreyada amaliyot o'taydi

    Ta'lim 23 Avgust 2022 1301

    Prezident ta'lim muassasalari agentligi va Yangi O'zbekiston universiteti vakillaridan iborat delegatsiya Koreya universiteti vitse-prezidenti Li Hikyong bilan uchrashdi.

    Muloqot chog'ida tomonlar ikki universitet o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish masalasini muhokama qilishdi. Xususan, istiqbolda Koreya universitetining eng nufuzli fakul`tetlaridan biri - «School of business»ni Yangi O'zbekiston universitetida birgalikda tashkil etish, oliy ta'lim muassasalari ma'muriy-boshqaruv xodimlari o'rtasida tajriba almashuv dasturini amalga oshirish, zamonaviy kampus barpo etish yuzasidan tajriba almashish, talabalar almashuvi dasturini yo'lga qo'yish, ikki universitet o'rtasida «double degree» tizimini joriy etish kabi yo'nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

    Janubiy Koreyadagi eng nufuzli oliy ta'lim muassasalaridan biri bo'lgan Koreya universiteti «Times higher education» reytingida nufuzli 250 talik qatoridan joy olgan.

    Delegatsiya vakillari Koreya kamyob metallar instituti (KiRAM) bosh tadqiqotchi olimi Xan Jun Hi bilan ham muloqot o'tkazdilar.

    Uchrashuvda KiRAM vakillari tomonidan Yangi O'zbekiston universiteti o'qituvchi-professorlari va talabalari bilan tadqiqotlar olib borish, ilmiy maqolalar chop etish, mamlakatimizda zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish hamda magistratura va doktorantura uchun o'quv dasturlarini ishlab chiqishda ko'maklashishga tayyor ekanligi bildirildi.

    Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi Yangi O'zbekiston universiteti talabalari Janubiy Koreyadagi Sejong universitetida kimyoviy laboratoriya mashg'ulotlarini o'tkazdi.

    Bir so'z bilan aytganda, Prezident ta'lim muassasalari agentligi va Yangi O'zbekiston universiteti vakillarining Janubiy Koreyaga amaliy safari natijalarga boy bo'ldi. Bo'lib o'tgan uchrashuvlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan YAngi O'zbekiston universiteti faoliyati Janubiy koreyalik hamkorlarda katta qiziqish uyg'otib, ular mazkur oliy ta'lim muassasasi bilan o'zaro hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishga hozirlik bildirdilar.