Bunda dastlab Myunxen texnika universitetida oʻtkazilgan «Chegaralarsiz: Germaniya va Oʻzbekiston oʻrtasida taʼlim, fan va sanoat boʻyicha hamkorlikning yangi bosqichi imkoniyatlari» mavzusida xalqaro simpoziumida ishtirok etdi.
Simpoziumda vazir Hilola Umarova ikki davlat hamkorligida amalga oshirilgan ishlar haqida soʻz yuritdi. Xususan, vazirlik huzuridagi «Yangi Oʻzbekiston» universiteti hamda Myunxen texnika universiteti hamkorligining 3-yillik faoliyati yuzasidan taqdimot ham tashkil etildi.
Tadbir doirasida Germaniyaning Siemens, Knorr-bremse, Airbus, Deloitte, IT4IPM, Linde kompaniyalari rahbarlari «Yangi Oʻzbekiston» universitetida tashkil etiladigan Xalqaro sanoat maslahatlashuv kengashida ishtirok etish uchun taklif etildi.
Aytish lozimki, mazkur Kengash talabalarning amaliyot jarayonlarini muntazam amalga oshirish, sanoatdagi masalalarni ilm-fan, tadqiqot orqali hal etish ishlarini tashkil qiladi. Unga nemis ilgʻor sanoat korxonalari bilan bir qatorda mahalliy korxonalar rahbarlari ham jalb qilinadi.
Simpozium doirasida tashkil etilgan uchrashuvlar davomida «Yangi Oʻzbekiston» universiteti talabalarining sanoatga tayyor kadr boʻlib borishi uchun turli laboratoriyalar ochish, Siemens kompaniyasi tomonidan universitetning yangi kampusida laboratoriya oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazadigan alohida trenajyor markazlari ochish uchun dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi masʼullari Myunxen texnik universiteti professorlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va professor-oʻqituvchilar almashinuvi dasturini kengaytirish boʻyicha ham muhokamalar olib bordi. Xususan, «Yangi Oʻzbekiston» universiteti delegatsiyasi hamda Mitvayda amaliy fanlar universiteti rahbariyati oʻrtasida oʻtkazilgan uchrashuvda ikki diplomli magistratura dasturini tashkil etish boʻyicha anglashiluv memorandumi imzolandi. Unga koʻra Sanoat boshqaruvi — innovatsiya va biznesni rivojlantirish dasturida talabalar ikkinchi semestrni Germaniyada davom ettiradi.
Uchrashuvlar doirasida Ingolshtadt amaliy fanlar universiteti bilan ham anglashiluv memorandumi imzolandi.
Unga koʻra, «Yangi Oʻzbekiston» universiteti talabalari Ingolshtadt amaliy fanlar universitetining yaqin hamkori hisoblanuvchi Audi va BMW kabi korxonalarida amaliyot oʻtashlari mumkin.
Vazir Hilola Umarova tashrif davomida Bavariya Parlamentining Ilm-fan va Madaniyat ishlari boʻyicha qoʻmitasi boshligʻi Robert Brannekemper bilan uchrashdi. Qizgʻin ruhda oʻtkazilgan muzokaralarda hozirgi kunda Bavariya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar, taʼlim va madaniyat sohalarida qoʻshma loyihalarni birgalikda tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.
Germaniyaning Drezden texnika universiteti, Drezden amaliy fanlar universiteti, Frayberg texnika universiteti, Nyurenberg universiteti bilan ham keng koʻlamli hamkorlik masalalari muhokama etildi. Jumladan, «Yangi Oʻzbekiston» universiteti hamda mazkur oliygohlarning kelgusidagi taʼlimga doir hamkorlik rejalari koʻrib chiqildi.