“Yangi Oʻzbekiston” universitetida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda “R&D” laboratoriyalari tashkil etiladi

    Ta'lim 19 Avgust 2022 2314

    Prezident taʼlim muassasalari agentligi hamda “Yangi Oʻzbekiston” universiteti vakillaridan iborat delegatsiya Janubiy Koreyada samarali uchrashuvlarni oʻtkazyapti.

    Navbatdagi muloqot Pusan shahrida joylashgan Kyungsung hamda Pusan Milliy universitetlarida oʻtkazildi.

    Mazkur oliy bilim yurti rahbariyati bilan ikki taʼlim muassasasi oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish masalasi atroflicha muhokama etildi. Shu maqsadda tomonlar oʻrtasida Hamkorlik bitimi imzolandi.

    Unga koʻra ikki universitet birgalikda zamonaviy talablarga javob beradigan qoʻshma oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, universitetlar oʻqituvchi va professorlarining oʻzaro malaka oshirishini hamda talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, oʻqitish materiallari, tadqiqot loyihalari, maqolalar hamda kutubxonadagi resurslardan foydalanish, birgalikda konferensiya, seminar hamda mahorat darslari tashkil etish ishlarini amalga oshiradi.

    Mazkur bitim, eng avvalo, ikki universitet oʻqituvchi, professor hamda talabalarining salohiyatini yanada oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

    Pusan milliy universiteti rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida tomonlar istiqbolda talabalar, oʻqituvchi va professorlarning tajriba almashinuvini tashkil etish, birgalikda mexanika muhandisligi yoʻnalishida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, qoʻshma maqolalar tayyorlash hamda ularni nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdi.

    Shuningdek, mutaxassislar “Yangi Oʻzbekiston” universitetida dunyo miqyosidagi “R&D” laboratoriyalarni tashkil etish borasida ham hamkorlik qilishga kelishib oldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.