Markaz tomonidan ushbu Memorandum Oʻzbekiston Prezidenti tasdiqlagan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida tuzildi. Bu muhim qadam zamirida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadi mujassamdir.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Inson huquqlari boʻyicha Malayziya Milliy komissiyasi raisi Tan Shri Osman bin Hoshim, Oʻzbekiston Respublikasining Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov, Malayziyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Xendi Assan ishtirok etdi.
Memorandumni imzolash marosimida, shuningdek mamlakatimiz vazirlik va idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Memorandum inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni koʻzda tutadi. Shu maʼnoda, ushbu hujjat inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalar va bitimlar boʻyicha davlat majburiyatlariga rioya etishga koʻmaklashish, fuqarolarning huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish masalalari yuzasidan axborot va adabiyotlar hamda oʻzaro tajriba almashishga qaratilgan.
Memorandumning asosiy yoʻnalishlaridan biri – mahalliy, milliy va xalqaro darajada inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida qoʻshma amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlari, axborot-maʼrifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar, treninglar tashkil etishdan iborat.
Bundan tashqari, tomonlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish sohasida tajriba, axborot va tahliliy materiallar almashishi nazarda tutilgan.
Tadbir ishtirokchilari zamonaviy dunyoda inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Bunda, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Muloqot asnosida ikki tomonlama hamkorlik doirasida inson huquqlarini himoya qilish va unga rioya etish masalalari boʻyicha muntazam ikki tomonlama maslahatlashuvlar oʻtkazish rejalashtirilgani taʼkidlandi.
Tomonlar ushbu Memorandum doirasida va oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida tenglik, oʻzaro hurmat va manfaatdorlik asosida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Maʼlumot uchun: Inson huquqlari boʻyicha Malayziya Milliy komissiyasi Malayziyada 1999-yilda qabul qilingan qonunga binoan tashkil etilgan. Komissiyaning asosiy vakolatlari quyidagilardan iborat:
Malayziya hukumatiga qonun hujjatlari ishlab chiqilishida maslahat va yordam berish hamda bu borada zarur choralar koʻrish.
Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar va boshqa xalqaro hujjatlarga qoʻshilish va ratifikatsiya qilish boʻyicha tavsiyalar berish, inson huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq shikoyatlarni koʻrib chiqish, inson huquqlari sohasida xabardorlikni oshirish va taʼlim berishni qoʻllab-quvvatlash.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati