“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri tabrigi

    Dolzarb 12 Oktabr 2023 2733

    Hurmatli hamkasblar, aziz yurtdoshlar! Bugun barchamiz uchun tarixiy kun — “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining MINGINCHI soni chop etildi.

    №211 (1000) 2023-yil 12-oktyabr, payshanba!

    Bu bilan sizlarni samimiy tabriklayman!

    Oʻtgan tariximizga nazar tashlasak, qisqa vaqt ichida koʻp dovonlar ortda qolganini koʻramiz.

    Kuni kecha “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari” doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida uchrashuvlar oʻtkazdik. Buni eslaganimiz boisi shuki, akademik doiralarda ham, yoshlar orasida ham xolis, ishonchli, tahliliy va dunyoviy axborotlarga ehtiyoj tobora kuchaymoqda.

    Yangi Oʻzbekiston gʻoyasini oʻzida mujassam etib, “Yangi Oʻzbekiston” terminini ilk bor oʻzida aks ettirgan gazetamiz oʻtgan qisqa muddatda juda katta missiyani bajara oldi.

    Bugun gazetamiz sahifalarida chop etilayotgan har bir tahliliy maqolada, xabar va yangilikda yangi jamiyatimizning qudratli nafasi ufurib turadi. Bu – hamkasblarimizning, ziyolilarimizning, umuman olganda sizu bizning mehnatimiz mahsuli ekanini, yaxshi bilamiz!

    Faoliyatimiz haqida juda koʻp gapirish mumkin! Ammo ular shundoq ham koʻz oldimizda. Shu bois, bugun “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining MINGINCHI soni qoʻlimizda turgani bilan barchangizni yana bir bor tabriklaymiz!

    Aziz hamkasblarimiz, qadrli yurtdoshlar!

    Sizlar bilan yana koʻp yillar mana shunday zafarli marralarni zabt etish nasib qilsin!

    Barchangizga ijodiy barkamollik, ruhiy quvvat, sogʻlik-omonlik, oilaviy baxtu saodat tilayman!

    Yuzimiz doimo yorugʻ boʻlsin!