Mazkur maktab asoschisi akademik Bakriddin Zaripov mashgʻulot ishtirokchilariga kalamushda jarrohlik amaliyotini bajarib koʻrsatdi. Maʼlumki, fiziologiya hayot haqidagi fan boʻlib, tibbiyot va veterinariyaning asosi hisoblanadi. Shu maʼnoda, insoniyat salomatligi va kelajagi uchun bu fanning qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini tasavvur qilish qiyin emas. Biroq uzoq yillarda u eʼtibordan uzoqda qolib ketdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilm-fan va taʼlim rivoji yoʻlida olib borayotgan tizimli islohotlar tufayli yurtimizda fiziologiya fani qayta oyoqqa turmoqda.

Darhaqiqat, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yoshlarga zamonaviy bilimlarni oʻrgatish orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash islohotlarning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan.

Bu jarayonda talaba-yoshlarning ilmiy yangiliklar qilish, ixtirolar yaratishga ragʻbatlantirish, bir soʻz bilan aytganda, ularning isteʼdini yuzaga chiqarish yoʻlida koʻplab loyihalar hayotga tatbiq qilinyapti. Oʻzbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetida Odam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasi qoshida “Yangi Oʻzbekiston yosh fiziologlari maktabi”ning tuzilgani bu boradagi keng koʻlamli ishlarning biri, xolos.

— Yosh fiziologlar maktabi oldiga qoʻyilgan asosiy vazifa talaba va yosh olimlar orasida fiziologiya fanini keng targʻib qilish, jahon fiziologlari tajribalarini chuqur oʻrganishdan iboratdir, — deydi Jahon fiziologlar jamiyati (Stokgolm) akademigi Bakriddin Zaripov. — Shu bilan birga, boʻlgʻusi mutaxassislarni innovatsion fiziologik laboratoriyalar bilan yaqindan tanishtirish, mustaqil eksperimentlar qilish orqali yuqori malakali, professional, bugungi zamon talabiga mos kadrlarni tayyorlashga koʻmaklashishni maqsad qilganmiz. Yosh olimlar boshini qovushtirayotgan mazkur maktabda mashgʻulotlar anʼanaviy usuldan imkon qadar qochilib, innovatsion usul va texnologiyalardan foydalanilgani quvonarlidir.

Negaki, nazariy bilimlar amaliyot bilan uygʻunlashsagina yanada mustahkamlanadi, yangiliklarga ruhlantiradi. Shuning uchun birinchi ochiq darsda “Kalamushlarda surunkali (in vivo) tajriba qoʻyish usulini oʻrgatish” mavzuidagi treningda maʼruzachi-jarroh Vister liniyasining oq kalamushidan jarrohlik amaliyotini bajardi.

Uning aytishicha, ushbu “in vivo” tajribasida bejiz kalamush tanlangani yoʻq. Ushbu jonivor fiziologik funksiyalari, jumladan, ovqat hazm qilish, qon aylanish, garmonlarning ishlashi va boshqa jihatlaridan insonlarga eng yaqini hisoblanadi. Shu bois oʻtkir va xronik eksperimentlar, “in vivo” va “in vitro” tajribalari oʻtkazishda, koʻrgazmali jarrohlik darslarida, asosan, kalamushdan foydalaniladi.

Mashgʻulot davomida Bakriddin Zaripov ustozi, mashhur fiziolog olim, akademik A.Ugolev bilan hamkorlikda olib borgan “Kalamushlarda (in vivo) ingichka ichak membranasining gidroliz va oziq moddalar soʻrilishini oʻrganish zamonaviy usullari” tadqiqoti asosida jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi.

Eʼtiborlisi, yosh olimlar, bakalavr va magistrlar ushbu jarayonning kuzatuvchisi emas, balki bevosita ishtirokchisiga aylanib, olgan nazariy blimlarini amaliyotda sinab koʻrish imkoniyatiga ega boʻldilar. Bunday mashgʻulotlar muntazam ravishda oʻtkazilishi beligilab olingani esa yoshlarning ilm ummoniga shoʻngʻib, insoniyat salomatligi yoʻlida izlanib, fiziologiya fanida yangiliklar qilishga undashi tabiiy.

Zero, yosh fiziolog olimlar zamonaviy bilimlarni chuqur egallash va Yangi Oʻzbekiston ilm-fanini yutuqlarini dunyoga tanitishni oʻz oldilariga bosh maqsad qilib olishgan.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri