Yosh temiryoʻlchilar ragʻbatlantirildi

    Ijtimoiy hayot 30 Iyun 2022 1201

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tasarrufidagi “Oʻzbekiston” lokomotiv deposida 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida iqtidorli, shijoatli, mehnatsevar, ulkan marralarni qoʻlga kiritgan temiryoʻlchi yoshlarni ragʻbatlantirishga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

    Unda depo rahbariyati, yosh temiryoʻlchilar jamoasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Tadbir avvalida depo rahbari F.Mahamatov soʻzga chiqib, barcha korxona yoshlarini 30-iyun – Yoshlar kuni bilan samimiy qutladi va depoda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yoʻlida qilingan ishar va yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda yosh oilalarni uy-joy va ish bilan taʼminlash va ularga moddiy yordam berish masalasiga ham katta eʼtibor berilayotgani xususida gapirib oʻtdi.

    – Siz yoshlar ertangi kunimiz davomchilaridirsiz, – dedi depo rahbari Farhod Mahamatov. – Temir yoʻl rivoji ham siz kabi bilimli, erkin fikrli, innovatsion gʻoyalar yaratuvi yoshlar qoʻlidadir. Shuning uchun ham depoda siz yoshlar uchun kerakli barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, ezgulik yoʻlidagi faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilaviy baxt, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilab qolaman!

    Bugungi kunda korxonada yoshlarni sport bilan shugʻullanishlari va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Xususan, oʻtgan 2021-yilning yanvar oyida maʼmuriy binoning 4-qavatida sport maydonchasi tashkil etildi. Mazkur sport majmuasida trenajor zali hamda stol tennisi xonasi ham tashkil etildi. Shuningdek, shu yilning aprel oyida yana Xovos filialida 1 ta mini futbol maydonchasi foydalanishga topshirildi.

    Tadbirga soʻz olgan, “Oʻzbekiston qahramoni” unvoni va “Faxriy temiryoʻlchi” belgisi sohibi Toʻlqin Ibragimov oʻz hayot yoʻllari hamda 51 yillik ish faoliyati haqida gapirib, yoshlarga gʻayrat va shijoat bagʻishladi.

    Shundan soʻng shijoatli, mehnatsevar, har jihatda barchaga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir qator temiryoʻlchi yoshlar depo rahbariyati hamda Kasaba uyushma qoʻmitasi tomonidan “Faxriy yorliq” hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shu bilan birga “yoshlar oyligi” doirasida oʻtkazilgan stol tennisi, shaxmat, mini futbol musobaqalari gʻoliblari ham qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirildi.

    Depo yoshlar jamoasi tomonidan amalga oshirilgan “Smart depo” innovatsion loyihasi boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligining sertifikati depo bosh muhandisi oʻrinbosari Zafar Anvarovga depo boshligʻi Farhod Mahamatov tomonidan tantanali tarzda topshirildi.

    Anjumanning badiiy qismida “Oʻzbek davlat satira teatri” aktiyor va soʻz ustalari hamda taniqli sanʼatkorlari tomonidan aytilgan hangomalar, ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

    Feruza Xudoyqulova,

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ

    Axborot-tahliliy media markazi,

    “Temiryoʻlchi” gazetasi muxbiri