Yangi O'zbekiston yoshlari, birlashaylik!

    Eng yaxshi nutq sohiblari va barcha ishtirokchilar qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.

    Mana bugun yoshlar bayramida biz yoshlarning quvonchimiz cheksiz. Kimdir davlat mukofoti bilan rag'batlantirilsa, yana kimdir Prezidentimiz e'tiroflariga sazovor bo'ladi, yana kimdir maktabni oltin va kumush medallar bilan bitirib, oliygoh talabasi baxtiga muyassar bo'ladi. Turli-tuman tadbirlarda yoshlarimiz faol qatnashib, musobaqalar g'olibiga aylanmoqda, hech bir yosh e'tibordan qolib ketmaydi, bugun barcha yoshlar O'zbekiston yoshlari ekanligidan faxr tuyg'usini his etishi tabiiy.

    Shu jumladan, Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan "Yangi O'zbekiston yoshlari, birlashaylik!" shiori ostida o'tkaziladigan yoshlar festivaliga bag'ishlab "Youth of New Uzbekistan, let’s unite (Yangi O'zbekiston yoshlar, birlashaylik)" mavzusida "Eng yaxshi notiq" tanlovi o'tkazildi. Musobaqada 15 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan ingliz, fransuz yoki nemis tilini biladigan barcha yoshlar ishtirok etishdi. Ulardan 5 daqiqadan iborat bo'lgan ravon, xatosiz, chiroyli nutq namoyish etishlari talab etildi. Tanlov ishtirokchilari hay'at a'zolari tomonidan baholanib, eng yaxshi nutq sohiblari shu bilan birga, barcha ishtirokchilar agentlik tomonidan qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.

    Bayram arafasida 28-iyun kuni Buxoro viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Buxoro viloyat "Kelajak liderlari" klubi jamoasi tomonidan Buxoro shahridagi tarixiy obidalar atrofida 65 nafar yoshlar ishtirokida "Tarixiy Quest" loyihasi ham tashkil etildi. Loyihada ishtirok etish istagidagi yoshlar viloyatimizni eski SHahar qismida yig'ilishdi. Yoshlar oyligi doirasida o'tkaziladigan ushbu loyiha Buxoro tarixini o'rganish istagidagi vatandoshlarimiz uchun juda qulay hisoblanadi. "Kelajak liderlari" klubining tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu loyida yoshlar jamoa bo'lib, savol tariqasida berilgan tarixiy obidalarini topishlari, uni birinchi bo'lib topgan jamoalar esa 15 million, keying bosqichlarda 10 million so'mdan pul mablag'lari topshirildi.

    Bu kabi tanlovlarni o'tkazishdan maqsad O'zbekiston yoshlarini nafaqat rag'batlantirish, balki ularni birlashtirishdan ham iborat.

    Shu kabi tadbirlarni tashkil etar ekanmiz, o'zim ham bir vaqtlar shunday tadbirlarda faol qatnashib, ko'plab sovrinlar g'olibasi bo'lganimni esladim. O'z ustimda tinmay ishlar edim, biror bir tadbir xoh u viloyat, xoh u respublika miqyosida bo'lsin, men ularda albatta faol qatnashar edim. Har sohaga bo'lgan qiziqishlarim meni ilm qilishga, olima pedagog bo'lishga undasa, boshqa tomondan yaxshigina tadbirkorlik faoliyatimni ham yo'lga qo'ydim. O'z o'quv markazimni tashkil etdim. Lekin bular ham menga kamdek tuyulardi, yanada ko'proq ishlagim kelar edi. Lekin mehnat qilgan inson, bizning yurtimizda hech qachon kam bo'lmasligini anglab etdim.

    Hozirgi kunda davlatimiz tomonidan yoshlar uchun mo'ljallangan “Yoshlar — kelajagimiz” jamg'armasidan imtiyozli kredit olib, kattagina o'quv markazini barpo etdim, ilmiy darajaga hamda unvonga ega bo'ldim, davlat mukofotlari bilan taqdirlandim. SHu kabi tinimsiz mehnatlarim evaziga o'tgan yili Prezidentimiz bilan uchrashish baxtiga muyassar bo'ldim. Prezidentimiz ham men bilan faxrlanishlarini aytib, yangi tashkil etilgan Xorijiy tillarni o'rganishni ommlashtirish agentligi viloyat vakilligiga rahbar etib tayinladilar, xizmat mashinalarini biriktirdilar. Hozirda viloyatimizda xorijiy tillarni ommalashtirish, ta'lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilyabman. Albatta faqatgina bular bilan cheklanib qolmayman, Prezidentimizning ishonchlarini oqlab, bundanda yuksak natijalarga, marralarga erishaman.

    Yurtimizning barcha yoshlariga omad tilagan holda, birlashib, yurtimizni, YAngi O'zbekistonimizni birgalikda barpo etishga chorlayman.

    Nozima XOLIKOVA,

    O'zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi

    Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi

    Buxoro viloyati vakilligi rahbari,

    f.f.f.d., dotsent,

    “Kelajak liderlari” klubi a'zosi