Festivalda rassomlar maydonchasi, hunarmandlar rastalari, bolalar maydonchasi, sirk, dorbozlar, baliq ovi, hayvonot bog‘i, mehnat yarmarkasi, sport maydoni, «Bilimdon shou», liboslar dizayni ko‘rgazmalari, taniqli biznes yuritish bo‘yicha mutaxassislar va blogerlardan mahorat darslari, teatr sahna ko‘rinishlari, milliy madaniyat markazlar vakillarining chiqishlari, harbiy texnika ko‘rgazmalari va harbiy parad keng ko‘lamda tashkillashtirildi.

Mazkur tadbirga hududlardan 75 ming nafar aholi, ayniqsa, yoshlar jalb etildi. Shuningdek, 50 nafar kam ta'minlangan oilalar farzandlari, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga «Sunnat to‘yi» o‘tkazildi. Toshkent viloyatining 22 tuman-shaharlaridan «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan aholining 2 ming nafariga tadbirda ishtirok etishiga sharoit yaratildi. Festival doirasidagi mehnat yarmarkasida korxona-tashkilotlar 10 ming ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etib, yuzlab yoshlarning bandligi ta'minlandi.

Yoshlar festivali oqshom bo‘sag‘asida yanada qizg‘in tus oldi. Katta sahnada harbiylar paradi tashkil etildi. Unda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov festival doirasida o‘tkazilayotgan kechki konsert dasturini ochib berib, yoshlarga o‘z tilaklarini bildirdi.

Shundan so‘ng estrada yulduzlari ishtirokida badiiy qism boshlandi. Viloyat hokimi havo sharida ham uchdi. Kamondan otish borasida tuman va shaharlar hokimlari bilan birgalikda o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.

Katta sahna oldida varraklar sayli tashkil etildi. Eng yuqori uchirilgan varrak sohibi mukofot bilan taqdirlandi.

Festivalda sportning 23 ta turi (boks, karate, qilichbozlik, shaxmat, yunon-rum kurashi, erkin kurash, badiiy gimnastika, dzyudo, kurash, stol tennisi, og‘ir atletika, o‘zbek jang san'ati, badminton, belbog‘li kurash, Street workout, armrestling, bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish, kamondan otish, turon yakka kurashi, sambo, marafon hamda velomarofon) bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar hamda sport turlari bo‘yicha «Viloyat hokimi kubogi» sport musobaqalarining saralash bosqichlari tashkil etildi. Unda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan jami 11 ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi.

Jumladan, festivalning uchinchi kuni erta tongdan velomrafon musobaqasiga ishtirok etish uchun 200 nafardan ortiq yoshlar bir joyda jam bo‘ldi. Musobaqaga Qibray tumanidan start berildi. Finish esa Chirchiq shahrida tashkil etilgan yoshlar festivali maydoni bo‘ldi.

Hakamlar tomonidan yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida birichi o‘rin To‘ychiev Abduhamid, ikkinchi o‘rin Abduhakimov Temur va uchinchi o‘rin esa Jamoliddinov Alimardon loyiq tomildi. Qizlar o‘rtasida birinchi o‘rinni Ro‘zieva Asal egalladi. Ikkinchi o‘rinni Karomova Sofiya egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Abdullaeva Shahnozaga nasib etdi.

Qolaversa viloyat sportchilari tomonidan sport musobaqalarda qo‘lga kiritgan medal hamda kuboklaridan maxsus ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Xalqaro nufuzli sport turnirlarda g‘oliblari, nomdor sportchilar bilan davra suhbati hamda mahorat saboqlari tashkil etildi.

Shuningdek, Yoshlar festivali doirasida viloyatning iqtidorli yoshlari hamda tuman-shahar hokimlari ishtirokida «Zakovat bilimdonlari» intellektual o‘yini tashkil etildi. Unda Toshkent viloyatining tuman va shaharlar hokimlari ham ishtirok etib, bilimdon yoshlar qatorida murakkab savollarning javobini topishga harakat qilib, o‘z birimlarini sinovdan o‘tkazdi. O‘yin 2 bosqichda, «A», «B» guruhda o‘tkazildi.

G‘olib bo‘lgan ikkala guruh jamoasi, ya’ni Chirchiq, Olmaliq shaharlarii, Quyi Chirchiq va Parkent tumanlari bilimdonlari bilan yakuniy natijalar bo‘yicha bellashdi. Aslida bu kabi o‘yinlar yoshlarning aql zakovatini oshirish, bilimini sinovdan o‘tkazish, qiziqishlarini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ham alohida ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

– Hokimlar bilan bir davrada, ular bilan hamfikrlikda savollarga javob izlashimiz kutilmagan yangilik bo‘ldi, – deydi Parkent tumanidagi 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Abdulaziz Abdumutalov. –Bahslarning avvalida rosa hayajonlangan edim, hozir ancha dadillashdik. «Zakovat bilimdonlari» o‘yinlari tumanlarda ham tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ko‘plab bolalar katta qiziqish bilan qatnashadi.

Mazkur o‘yinda g‘olib bo‘lgan Quyi Chirchiq jamoasiga «Damas» avtomashinasining kalitini viloyat hokimi Davron Hidoyatov topshirdi.

Yoshlar festivalida nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet ellik mehmonlar ham ishtirok etdi. Tadbir yopilish marosimi mehmoni bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tashkilotchilarga o‘z minnatdorligini bildirib, barcha yoshlarga o‘zining iliq tilaklarini izhor etdi.

Umuman olganda, yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan ushbu ommaviy tadbir davomida shu kabi ko‘plab ijtimoiy loyihalar haqidagi xabarlar, fotogalereyalar va telelavhalar ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida keng yoritildi. Bu jarayonda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar faol qatnashdi, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.