Yangi Oʻzbekiston yoshlari nimaga qodir ekanini butun dunyoga koʻrsatdi — Prezident

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatiga qilingan tashrif natijadorligini oshirish, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda sanoat korxonalari uchun jozibador sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.

    Davlatimiz rahbari avvalo sportchilarimizning Parij Olimpiadasidagi ulkan tarixiy zafarlari bilan butun xalqimizni chin qalbidan tabrikladi.

    “Tokio olimpiadasidan keyin yaxshi niyat bilan top-15 ga kiramiz deb, oldimizga katta maqsad qoʻygan edik. 208 ta davlat vakillari qatnashgan musobaqada sportchilarimiz yuksak matonat, mahorat va iroda koʻrsatib, dunyoda 13-oʻrin, Osiyoda 4-oʻrin, turkiy, musulmon va MDH davlatlari orasida 1-oʻrinni egalladi. Bir yoʻla 3 nafar sportchimiz «ikki karra olimpiya chempioni”, degan yuksak sharafli nomga sazovor boʻldi.

    Bu Yangi Oʻzbekiston yoshlari nimaga qodir ekanini butun dunyoga koʻrsatib, ularning natijalari tariximizda zarhal harflar bilan muhrlandi.

    Barcha sportchilarimiz, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari Yangi Oʻzbekistonning chinakam qahramonlaridir! Ular bilan har qancha faxrlansak arziydi, ular bizning gʻururimiz!», - dedi Prezident.