Yangi Oʻzbekistonda butun xalqimiz qatori xotin-qizlarimiz uchun ham munosib sharoitlarni yaratib berish – eng muhim vazifamiz boʻlib qoladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

    Assalomu alaykum, hayotimiz quvonchi, fayzu farishtasi boʻlgan muhtarama onaxonlar, hurmatli opa-singillar, dilbar qizlarim!

    Bugun siz, azizlar bilan mana shunday tantanali anjumanda uchrashib, barchangizni, sizlarning timsolingizda butun mamlakatimiz ayollarini Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbdan qutlash men uchun ulkan sharaf va saodatdir.

    Barcha-barchangizga samimiy mehrim va cheksiz hurmatimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

    Oʻzlaringiz kabi goʻzal bayramingiz muborak boʻlsin!

    Muhtaram vatandoshlar!

    Ushbu shukuhli ayyomda hammamiz bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, moʻtabar ayol zotiga taʼzim qilamiz. Zero, inson qadrini ulugʻlash avvalo azizu mukarrama ayollarimizni ulugʻlashdan boshlanadi.

    Shu maʼnoda, Mir Alisher Navoiy bobomizning, jannat bogʻidan bahramandlik istar ekansan, avvalo, munis onani rozi aylagin, degan soʻzlarini biz eng ezgu daʼvat sifatida qabul qilamiz.

    Biz hayotimizning maʼno-mazmuni, butun borligʻimizni siz, qadrli opa-singillarimizdan ayri holda tasavvur etolmaymiz. Sizlar biz uchun hamisha goʻzallik va nazokat, mehr va sadoqat, qanoat va shukronalik timsoli boʻlib kelgansiz va doimo shunday boʻlib qolasiz. Mana shunday olijanob fazilatlaringiz bilan bizlarga hamma vaqt kuch-gʻayrat, hayotga, kelajakka ishonch bagʻishlab kelayotganingiz uchun siz, azizlarga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.

    Hurmatli opa-singillar!

    Yurtimizda mehnatkash, olijanob xalqimiz, birinchi navbatda, xotin-qizlarimiz uchun erkin, obod va farovon hayot barpo etish – davlatimiz va jamiyatimizning eng ustuvor vazifasi etib belgilangan. Jumladan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Shu maqsadda, avvalo, milliy qonunchiligimiz takomillashtirilib, opa-singillarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Buning tasdigʻini birgina misol, yaʼni, saylov kodeksimizda deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi boʻlishi zarurligi mustahkamlab qoʻyilganida yaqqol koʻrish mumkin.

    Bugun ushbu muhtasham zalda hurmatli deputat va senator ayollarimizni koʻrib turganimdan xursandman. Mamlakatimizda qonunchilikni mustahkamlash, qabul qilinayotgan qonunlarimizning adolatli va taʼsirchan boʻlishida ularning ham albatta hissasi katta. Buning uchun xalq vakillari boʻlgan bu ayollarimizga chin qalbdan minnatdorlik bildiramiz.

    Hozirgi vaqtda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017-yildagi 27 foizdan 35 foizga yetgani ayniqsa eʼtiborlidir. Shu bilan birga, yuzlab oqila ayollar hayotimizning barcha sohalarida jonbozlik bilan faoliyat koʻrsatayotgani barchamizni quvontiradi.

    Bu borada Gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi samarali ish olib borayotganini taʼkidlash lozim.

    Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ular oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.

    Soʻnggi 5-yil ichida Oʻzbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 mingdan oshdi. Birgina 2023-yilda 279 mingdan ziyod tadbirkorlik loyihalariga 13 trillion soʻmdan ortiq kredit, qariyb 57 ming nafar xotin-qizga salkam 300 milliard soʻm subsidiya ajratildi. Shuningdek, 200 mingga yaqin ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. Eng asosiysi – 400 mingdan ortiq opa-singillarimiz ish bilan taʼminlandi.

    Bundan tashqari, xotin-qizlarga ajratilgan 6 trillion soʻmlik ipoteka kreditlari hisobidan 25 mingdan ziyod oilalar oʻz uyiga ega boʻldi. Bu borada 6 ming 200 nafar ayolga uy-joy sharoitini yaxshilash va kreditning boshlangʻich badalini toʻlash uchun 200 milliard soʻm subsidiya ajratilganini qayd etish lozim.

    Shu bilan birga, joylarda xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida “Ayollar daftari” boʻyicha 1 trillion 234 milliard soʻm hisobidan qariyb 994 ming nafar xotin-qizning muammosi hal etilgani bu fikrni tasdiqlaydi.

    Bu vazifalarni bajarishda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda mahallalardagi xotin-qizlar faollarining ishtiroki kuchayib borayotgani ayniqsa muhimdir. Ular tomonidan “xonadonbay” oʻrganishlar natijasida ijtimoiy yordamga muhtoj 690 mingdan ziyod oilaga manzilli yordam koʻrsatilgani, 116 mingta notinch oilada muhit sogʻlomlashtirilganini bugun alohida eʼtirof etamiz.

    Qadrli doʻstlar!

    Mamlakatimizda boʻlgʻusi onalar, kelajak tarbiyachilari boʻlmish qizlarimiz kamolotiga, ularning oliy taʼlim olishi, zamonaviy kasb-hunar va texnologiyalar, xorijiy tillarni egallashiga katta ahamiyat berilmoqda.

    Hozirgi kunda oliygohlarda taʼlim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning yarmidan koʻpi – eʼtibor bering, yarmidan koʻpi, yaʼni, 653 ming nafardan ziyodini qizlar tashkil etmoqda. Magistraturada oʻqiyotgan yoshlarimiz orasida qizlarning ulushi yanada koʻp, yaʼni, salkam 14 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu – jami magistrantlarning qariyb 60 foizi degani.

    Joriy oʻquv yilida ehtiyojmand oilalarga mansub 1 ming 914 nafar xotin-qiz oliygohlarga qoʻshimcha davlat granti boʻyicha oʻqishga qabul qilindi. 181 ming 500 nafardan ortiq qizlarimiz uchun imtiyozli taʼlim kreditlari ajratildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning vakillari, yetim qolgan yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan 2 mingdan ziyod talaba uchun 14 milliard 500 million soʻm kontrakt puli mahalliy byudjetlar hisobidan qoplab berildi. Soʻnggi yillarda davlat oliygohlarining magistratura boʻlimida oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt pullari byudjetdan toʻlanmoqda.

    Eng muhimi, qizlarimiz oʻrtasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga qiziqish tobora ortib bormoqda. Masalan, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida taʼlim olgan yoshlarning 47 foizi, yaʼni qariyb yarmini qizlar tashkil etgan.

    Keyingi paytda yurtimizda ilm-fan va taʼlim, xususan, oliy taʼlim sohasi isloh etilib, jahon standartlariga moslashtirilayotgani sababli xotin-qizlar bu yoʻnalishda ham katta natijalarga erishmoqdalar. Buning amaliy ifodasini soʻnggi yetti yilda 5 ming 247 nafar ayollarimiz fan doktori (DSc) va oʻz sohalari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgani misolida koʻrish mumkin. Birgina 2023-yilning oʻzida 147 nafar xotin-qiz fan doktori, 1 ming 238 nafari esa falsafa doktori ilmiy darajasiga erishgani barchamizni mamnun etadi.

    Hozirgi kunda ilm-fan sohasida jami 5 mingga yaqin olima ayollarimiz faoliyat koʻrsatmoqda. Oliygohlarda esa 14 mingdan ziyod opa-singillarimiz pedagogika va ilmiy tadqiqot yoʻnalishida ish olib bormoqda.

    Bu raqamlar nimadan dalolat beradi?

    Bu avvalo qizlarimiz, opa-singillarimizning intellektual salohiyati naqadar balandligidan, agar tegishli sharoit va imkoniyat yaratib bersak, ular har qanday yuksak marrani zabt etishga qodirligidan dalolat beradi.

    Albatta, oila yumushlari, farzand tarbiyasi bilan birga, turli soha va tarmoqlarda fidokorona xizmat qilayotgan opa-singillarimizning mehnatini munosib qadrlash doimo davlatimiz eʼtiborida boʻlib kelmoqda.

    Mustaqillik yillarida 17 nafar hurmatli ayollarimiz “Oʻzbekiston Qahramoni” degan oliy unvonga sazovor boʻlgan boʻlsa, ularning 7 nafari fan, taʼlim va sanʼat sohasi vakillari ekanini alohida taʼkidlash lozim. 11 nafar ayol fan sohasidagi eng yuksak darajaga, yaʼni akademik unvoniga sazovor boʻlgani, minglab xotin-qizlarimiz davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlanib kelayotgani el-yurtimizning ularga nisbatan yuksak ehtiromi ifodasidir.

    Aziz vatandoshlar!

    Hammamizga maʼlumki, bugun dunyoda murakkab va ogʻir vaziyat, iqtisodiy inqiroz hukm surmoqda. Tabiiyki, bu holat mamlakatimizga ham oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.

    Bunday sharoitda ijtimoiy sohalar uchun byudjetdan mablagʻ ajratish albatta oson boʻlayotgani yoʻq. Lekin, qanchalik qiyin boʻlmasin, biz qoʻshimcha imkoniyat topib, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarimizning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz va bu ishlarimiz albatta davom etadi. Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning oʻqib, oliy maʼlumotli boʻlishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi.

    Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

    Opa-singillarimiz salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xalqimiz genofondini mustahkamlash inson qadrini ulugʻlashning oʻzak masalasidir. Shu maqsadda 2023-yili 6 million 500 ming nafardan ziyod ayollar tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilib, ularga zarur maslahat va amaliy yordam koʻrsatildi.

    Bu kabi ezgu ishlarimizning davomi sifatida Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili davlat dasturi doirasida xotin-qizlarning sogʻligʻini mustahkamlash, ularning bandligini taʼminlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish vazifalari alohida belgilab qoʻyildi.

    Bu borada, mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini yangi bosqichga koʻtarish, ularning bandligiga koʻmaklashish maqsadida, Senat Raisi T.Norboyeva boshchiligida maxsus komissiya tashkil etiladi. Ushbu komissiya kelgusi yil 8-martga qadar har bir hududda “favqulodda holat” rejimida ishlab, xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb etish boʻyicha ishlarni mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida tashkil qiladi.

    Mazkur komissiyada “Xalq banki” raisining oʻrinbosari G.Rashidova xotin-qizlarning biznes gʻoyalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun masʼul boʻladi. Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi, “Biznesni rivojlantirish banki” va “Mikrokreditbank”da ham ayollar tadbirkorligiga koʻmaklashish boʻyicha alohida rais oʻrinbosarlari ish boshlaydi. Ana shu rahbarlar har bir viloyat, har bir tuman, har bir mahallada yangi biznes gʻoyalariga ega xotin-qizlarni aniqlash, ularning tashabbuslarini roʻyobga chiqarish, loyihalarini sifatli ishlab chiqish va amalga oshirishga har tomonlama koʻmak beradilar.

    Viloyat, tuman, shahar hokimlari, hokimlarning xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari hamda faol ayollar komissiya bilan birgalikda joriy yilda 9 ming 442 ta mahalladagi 580 ming nafarga yaqin ishsiz ayollarning bandligini taʼminlash uchun masʼul etib belgilanadi.

    Bu borada mahallalarda oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlarning kamida 40 foizi ayollar taklif etgan loyihalarga yoʻnaltiriladi. Shu maqsadda har bir hududda xotin-qizlar uchun hunarmandchilik, tadbirkorlik markazlari va klasterlari tashkil etiladi. Ushbu maskanlarda 205 ming nafar opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga tayyorlanadi hamda tadbirkorlik asoslariga oʻrgatiladi.

    Shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 8 ming nafar xotin-qizga oʻz biznesini boshlashi va mehnat qurollarini xarid qilishi uchun subsidiya, 10 ming nafariga esa imtiyozli kreditlar ajratiladi. 50 ming nafar yosh ayollar uchun malakali mutaxassislar ishtirokida “Biznes marafon” loyihasi tashkil etiladi. Ushbu loyiha doirasida yuzlab qobiliyatli qizlarimizga oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy yordam beriladi.

    Umuman, bir oy muddatda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish boʻyicha alohida dastur qabul qilinib, loyihalarni amalga oshirish uchun 15 trillion soʻm, jumladan, oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 6 trillion soʻm ajratiladi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya va Germaniyadagi elchilarimiz ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 100 million dollarlik grantlarni jalb qiladi.

    Sogʻliqni saqlash sohasida ham bir qator muhim tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, murakkab jarrohlik operatsiyasi oʻtkazishga muhtoj 2 ming nafar xotin-qiz davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan davolanadi.

    Shu bilan birga, 1 million nafar homilador ayol hamda 1 million 500 ming nafar emizikli ona yod preparati, qariyb 6 million nafar reproduktiv yoshdagi ayollar temir va foliy kislotasi bilan bepul taʼminlanadi.

    Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 4 ming nafar xotin-qizlarga uy-joy ajratiladi. Shu toifadagi 3 ming nafar ayol uchun murakkab tibbiy operatsiyalar bepul oʻtkaziladi.

    Yurtimizda “Qizlar akademiyasi” platformasi yaratilib, 100 ming nafar opa-singillarimizga moliyaviy, huquqiy, psixologik, reproduktiv bilim berish yoʻlga qoʻyiladi.

    Bunday amaliy ishlarimiz roʻyxatini yana davom ettirish mumkin.

    Qadrli anjuman ishtirokchilari!

    Yaqinda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etilganidan xabaringiz bor. Bu esa aholining, birinchi navbatda, xotin-qizlarimiz muammolarini hal etish boʻyicha yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.

    Ayniqsa, “Mahalla yettiligi” tarkibidagi xotin-qizlar faollaridan biz katta natijalarni kutib qolamiz. Opa-singillarimizning ogʻirini yengil qilish, muammolariga yechim topish, kerak boʻlsa, oilaviy masalalarda ayollarimizning yaqin sirdoshiga aylanish ular uchun birinchi darajali vazifa boʻlishi lozim.

    Dunyoda oʻxshashi boʻlmagan bunday tizimni joriy etishdan maqsad ham xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini quyi boʻgʻindan boshlab samarali himoya qilish ekanini siz, azizlar albatta yaxshi tushunasiz. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati qurish yoʻlida tashlangan yangi bir amaliy qadam, desak, toʻgʻri boʻladi.

    Aziz yurtdoshlar!

    Vatanni sevish, unga sadoqat bilan xizmat qilish, el-yurt uchun munosib farzandlar tarbiyalash – bu dunyodagi eng ulugʻ va sharafli ishdir. Mehribon va oqila, jonkuyar ayollarimiz bu borada hamisha fidoyilik koʻrsatib kelmoqdalar.

    Maʼlumki, har yili aholimiz soni qariyb 900 ming nafarga koʻpaymoqda. Joriy oʻquv yilida 733 ming nafar farzandlarimiz birinchi sinfga qadam qoʻydi. Ertaga hayotimizga qudratli toʻlqin boʻlib kirib keladigan ana shunday navqiron avlodimiz timsolida biz Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlarini koʻramiz.

    Shu bois, oʻgʻil-qizlarimizni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib tarbiyalash, ularni milliy gʻurur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetkazish barchamizning asosiy burchimizga aylanishi zarur.

    Bugungi tahlikali zamonda jahon miqyosida kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik, hayotga yengil-yelpi, isteʼmolchilik kayfiyati bilan qarash kabi xatarlardan yoshlarimizni himoya qilish oʻta dolzarb masalaga aylanmoqda.

    Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha ayollarga murojaat qilmoqchiman.

    Aziz opa-singillar, oilada farzand tarbiyasiga eʼtiborni kuchaytiraylik, bogʻcha, maktab va oliygohlarga kirib boraylik.

    Oʻqituvchi va murabbiylar bilan koʻproq muloqot qilib, farzand va nabiralarimizning oʻqishi, davomati masalasi, axloq-odobi bilan qiziqaylik.

    Bolalarimizni bilimli va aqlli, oqni qoradan ajrata oladigan, el-yurtimizga sodiq, hayoli va iboli, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalash uchun barchamiz birgalikda harakat qilaylik.

    Biz maʼnaviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerak. “Ezgulik – shiorimiz, maʼrifat – qurolimiz” degan gʻoya asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim.

    Zotan, hadisi sharifda aytilganidek, “Ota-ona oʻz farzandiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldirolmaydi”.

    Muhtarama opa-singillarimiz, duogoʻy onaxonlarimizning masʼuliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon boʻladi.

    Chindan ham, jondan aziz bolalarimiz hamma havas qiladigan taʼlim va tarbiya olsa, bilasizlarmi, jamiyatimiz, hayotimiz qanday oʻzgaradi?

    Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu vazifani ado etishda biz avvalo siz, azizlarga ishonamiz va tayanamiz.

    Qadrli doʻstlar!

    Mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha toʻplangan milliy tajriba xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilmoqda. Jahon bankining kuni kecha eʼlon qilingan indeksida Oʻzbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi.

    “Ayollar, biznes va qonun” deb nomlangan ushbu yillik hisobotda dunyoning 190 ta davlatidagi holat 10 ta koʻrsatkich boʻyicha baholab boriladi. Yangi indeksda mamlakatimizda mehnat munosabatlari va oiladagi zoʻravonlikka qarshi kurash sohasida amalga oshirilgan islohotlar muvaffaqiyatli deb topilgan. Oʻzbekiston bu borada yaxshi natijaga erishgani eʼtirof etilgan.

    Oʻtgan yili Toshkent va Samarqand shaharlarida oʻtkazilgan nufuzli xalqaro xotin-qizlar forumlarida ham mustaqil tahlilchi va ekspertlar tomonidan ayni shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas.

    Bularning barchasi albatta biz birgalikda qoʻlga kiritgan katta yutuq boʻlib, bu ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarishimiz lozim.

    Joriy yilda mamlakatimiz yana bir yirik anjuman – Osiyo xotin-qizlar forumiga mezbonlik qiladi. Mazkur anjuman “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

    Bu forum gender siyosati, xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish boʻyicha samarali muloqot maydoni boʻladi, deb ishonamiz.

    Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakilalarini ham samimiy qutlaymiz. Ularning mamlakatlari va xalqlariga chin dildan tinchlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

    Hurmatli doʻstlar!

    Xabaringiz bor, har yili 8-mart ayyomida turli sohalardagi dastlabki yutuqlari uchun buyuk oʻzbek shoirasi – Zulfiyaxonim nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻlgan isteʼdodli qizlarimizni muborakbod etamiz.

    Bugungi bayram tadbirimiz ana shu qizlarimiz, ularning ota-onalari, ustozlari uchun, oʻylaymanki, unutilmas tarixiy voqea boʻlib qoladi.

    Siz, aziz farzandlarimni yuksak mukofot bilan oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy tabriklayman. Bunday ulkan eʼtirofni kelajakda katta-katta yutuqlar bilan albatta oqlaysizlar, deb ishonaman.

    Ayni vaqtda bugungi bayram arafasida mehnat va jamoatchilik faoliyatida muhim natijalarga erishgan, yosh avlod tarbiyasiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan hurmatli ayollarimizdan katta bir guruhi davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandilar.

    Barchamiz ularni chin qalbdan qutlab, kelgusi ishlariga yangi muvaffaqiyat va omadlar tilaymiz.

    Muhtarama opa-singillar!

    Siz, azizlarni bugungi bahor va nafosat bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.

    Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tilayman.

    Har biringizga hamisha oilangiz, farzandu nabiralaringiz, el-yurtimiz ardogʻida boʻlish nasib etsin!

    Katta rahmat sizlarga!