“Yangi O‘zbekistonda duv-duv gap” mavzusida film yaratiladi

    Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi “Yangi O‘zbekistonda duv-duv gap” mavzusida badiiy film yaratish bo‘yicha tanlov eʼlon qildi.

    U 2 bosqichda o‘tkaziladi. Tanlovning 1-bosqichi 2024 yilning 5 yanvaridan 15 yanvariga qadar davom etadi. Unda filmning adabiy ssenariysi uchun sinopsislar tanlab olinadi. Sinopsisda quyidagi g‘oyalar yuqori badiiy saviyada aks ettirilishi lozim:

    • Yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilgan islohotlar;
    • Yangi O‘zbekiston davrida amalga oshirilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy islohotlar, maʼnaviy, maʼrifiy va madaniy sohalardagi ijobiy o‘zgarishlar;
    • mahallaning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, xalq bilan davlat o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi tuzilma sifatida tashkil qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar;
    • xalqimizning o‘ziga xos urf-odatlari, anʼanalari, qadriyatlari, ezgu fazilatlari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan ibratli hayotiy saboqlar;
    • “oila – muqaddas”, “keksalarga hurmat”, vatanparvarlik, adolat, ezgulik kabi qadriyatlar.

    Tanlovga taqdim etiladigan sinopsislar quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi lozim:

    • filmning asosiy qahramonlari, ularning o‘ziga xos xarakteri, asosiy syujet liniyasi, voqealar, avj nuqtasi va yechimi aks etgan bo‘lishi;
    • o‘zbek tilida, adabiy til va imlo qoidalariga rioya qilingan holda A4 formatda, 14 shriftda, 1,5 intervalda yozilgan bo‘lib, hajmi 3-5 sahifadan iborat bo‘lishi kerak.

    Tanlovning 2-bosqichi 2024 yilning 16 yanvaridan 30 yanvariga qadar davom etadi. Unda 1-bosqichda tanlab olingan sinopsislar asosida kinoloyihalar tanlab olinadi. Kinoloyihada quyidagi maʼlumotlar aks etishi lozim:

    • filmning ishchi nomi, formati va umumiy hajmi;
    • janri, auditoriyasi;
    • taxminiy xarajatlar smetasi;
    • taqdimot (ijodiy guruh, aktyorlar, lokatsiyalar va boshqa maʼlumotlar).

    Sinopsislar va kinoloyihalar belgilangan muddatlarda tanlov ishtirokchisining arizasi, ismi-sharifi va u haqida qisqacha maʼlumotni biriktirgan holda “Tanlov komissiyasiga” deb qayd etilgan konvertda Kinematografiya agentligiga taqdim etilishi lozim.

    Tanlovga taqdim etilgan sinopsislar va kinoloyihalar taqriz qilinmaydi va mualliflarga qaytarilmaydi.