Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida tasviriy va amaliy sanʼat festivali oʻtkaziladi

    19-23-aprel kunlari 2021-yil “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ga bagʻishlangan “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida Xalqaro anʼanaviy Tasviriy va amaliy sanʼat festivali boʻlib oʻtadi.

    Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanda, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi direktori, O.Roʻziyev, Xalqaro anʼanaviy Tasviriy va amaliy sanʼat festivalini tashkil qilish va oʻtkazish borasida ommaviy axborot vositalari xodimlariga batafsil maʼlumot berdi.

    Joriy yilning 19-aprel kuni Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi anʼanaviy Xalqaro Tasviriy va amaliy sanʼat festivalini tantanali ravishda ochadi. 14 yildan buyon Oʻzbekiston rassomlari, ixtisoslashtirilgan oʻquv yurtlari oʻzlarining yutuqlari, gʻoyalari va loyihalarini namoyish etish uchun qulay imkoniyatga ega boʻladilar.

    Sanʼat haftaligi qator vazirlik va idoralar, ijodiy uyushmalar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda.

    Joriy yilda ushbu festival oʻz loyihalarini biroz oʻzgacha tarzda taqdim etmoqda. Xususan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda P.Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi ijodiy loyihalari toʻgʻridan-toʻgʻri taʼlim muassasalarining oʻzida namoyish qilinadi.

    Avvalgi yillarda asosiy vektor badiiy taʼlim muassasalarining turli boʻlimlari ishlariga yoʻnaltirilgan boʻlsa, festivalda bu yil farqli oʻlaroq birinchi navbatda yoshlar loyihalari bilan birga kuratorlarning va Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining ijodiy hamkorlikdagi ishlari taqdim etiladi.

    Festival tadbirlari Badiiy koʻrgazmalar direksiyasining Markaziy koʻrgazmalar zalida, Ikuo Xiroyama Xalqaro madaniyat karvon saroyining bogʻ qismida, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyida hamda

    anʼanaga koʻra, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi barcha koʻrgazma zallari, oʻquv muassasalari hududida mahorat darslari, anjumanlar va turli taqdimot marosimlari oʻtkaziladi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston”, muxbiri