Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan mazkur islohotlar, birinchi navbatda, demokratik jarayonlarga asoslangan tarzda umumxalq tafakkuri va xalqimizning oʻsib borayotgan siyosiy ongi, madaniyati hamda inson kapitalining manfaati birinchi darajali ekanligini yaqqol koʻrsatmoqda.
Taʼkidlash kerakki, yurtimizda xotin-qizlar taʼlimiga qaratilayotgan eʼtibor har birimizning hayotimizda oʻz ifodasini topayotgani barchamizni quvontirdi. Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz uch yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Men hurmatli ota-onalarga qarata aytmoqchiman: qizlaringizni oʻqiting, orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishlarida ularga koʻmakchi boʻling! Ulugʻlarimiz aytganlaridek, oʻgʻil bolani oʻqitsak, bir kishi savodli boʻladi. Qiz bolani oʻqitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli boʻladi!” deya taʼkidlagan edi.
Katta daʼvat ruhidagi mazkur soʻzlar jamiyatimizda ayollarning oʻqimishli boʻlish istagini chin maʼnoda ragʻbatlantirdi.
Hozirgi kunda yurtimizda 500 ga yaqin davlat, nodavlat hamda xorijiy oliy taʼlim muassasalari mavjud boʻlib, mazkur dargohlar ichida Fargʻona davlat universiteti Yangi Oʻzbekiston islohotlariga hamohang tarzda izchil rivojlanayotgan universitetlardan biri hisoblanadi.
Bugun Fargʻona davlat universiteti Avstraliyaning xalqaro “UniRank” reyting platformasida 23-oʻrinni band etgani, Gruziyaning xalqaro universitetlar reyting tashkiloti “Round University Ranking“ — RUR“ reytingida oʻqitish indikatori boʻyicha kuchli mingtalikdan joy olgani, Buyuk Britaniyaning dunyoda oʻz nufuzi bilan nom qozongan “Times Higher Education — THE“ reytingida 14 ta indikator boʻyicha yuqori oʻrinlardan joy egallagani, albatta, oliy taʼlim tizimidagi islohotlarning, qolaversa, faol ilmiy-pedagogik izlanishlarning natijasidir.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, universitetining sirtqi taʼlim boʻlimi oliygohning bugungi kunda erishib kelayotgan yutuqlariga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.
Boʻlimning faoliyati sifatli taʼlim va muvaffaqiyatli oʻquv yillarini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, joriy yilning fevral oyida tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalari rektorlarining birinchi forumida universitetning sirtqi taʼlim boʻlim faoliyati yuksak baholangandi. Boʻlimda mehnat qilayotgan 50 nafardan ziyod professor-oʻqituvchilar 10 mingdan ziyod talaba yoshlarga zamonaviy taʼlim va tarbiya sirlarini oʻrgatib kelmoqda.
Biz pedagoglarni ruhlantiradigan eng katta kuch bu davlatimiz va Prezidentimizning mehri va ishonchidir. Zero, Yangi Oʻzbekistonda boshlangan yangi davr va unga mos taʼlim islohotlari davlatimizning xalqaro miqyosda tan olinishi va rivojlanishi uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi.
Dilafruz ASQAROVA,
Fargʻona davlat universiteti Sirtqi taʼlim boʻlimi
Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi oʻqituvchisi.
Hamkorlik materiali