Yaqin besh yilda yurtimizda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilgani, hozir ular soni 141 taga yetgani, mislsiz darajadagi oʻsish boʻlgani — qabul kvotasi uch barobar oshirilgani oliy taʼlim sohasiga eʼtibor qanchalik yuqori ekanini koʻrsatadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash davlatimizning doimiy eʼtiborida turibdi. Shu maqsadda bu yil nogironligi boʻlgan yoshlar uchun 3 ming 155 ta, Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun 1 ming 580 ta, kam taʼminlangan oilalarga mansub xotin-qizlar uchun 2 mingta qoʻshimcha qabul kvotasi davlat granti sifatida ajratildi. Jumladan, yangi oʻquv yilida 18 nafar xotin-qiz qoʻshimcha imtiyoz asosida Toshkent davlat stomatologiya institutiga oʻqishga qabul qilindi.
Tibbiy oliy taʼlimga munosabat ham bugun yuqori darajada, desak adashmaymiz. Zero, tibbiyot xodimlarini tayyorlash masalasi hozir muhim masalaga aylandi. Yaxshi tibbiyot xodimlari jamiyatimiz uchun nihoyatda zarur. Shuni anglagan holda bugun hukumatimiz tomonidan tibbiy oliy taʼlim muassasalariga keng sharoitlar va koʻplab imkoniyatlar yaratilgan.
Toshkent davlat stomatologiya instituti ham yangi tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalaridan. Soʻnggi uch yilda institutda talabalar kontingenti 1600 nafardan qariyb 4200 nafarga yetdi. Shuning oʻzi sohaga qiziqish va intilishni koʻrsatadi.
Soʻnggi besh yilda institutimiz dunyoning qator yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatib, 120 dan ortiq memorandum imzolandi. Qoʻshma fakultetlar tashkil qilindi va yurtimiz oliy taʼlim muassasalari orasida ilk bora Yevropa Ittifoqida — Ispaniyaning Baliar universitetida institutimiz filiali ochildi. Bugungi kunda Privoljsk tibbiyot instituti bilan hamkorlikda stomatologiya, davolash ishi fakultetlari, Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti bilan hamkorlikda ham stomatologiya, davolash ishi fakultetlari, Orenburg tibbiyot universiteti bilan tibbiy psixologiya qoʻshma fakultetlari tashkil etilgan.
Ushbu yoʻnalishlarda talabalar ikkita diplomni qoʻlga kiritib, ikkita mamlakatda oʻqib, malaka oshirish imkoniyatiga ega. Shuningdek, hukumatimiz bergan imkoniyatlardan foydalanib, institutimizda Pirogov anatomik stoli, 3D simulyatorlar, tibbiy oʻquv dasturlari oʻrnatilgan zamonaviy kompyuterlardan tashkil topgan simulyatsiya markazi tashkil etildi.
Xalqimizni tezkor va samarador, sifatli tibbiy yordam bilan taʼminlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Nodir HAYDAROV,
Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori