Yangi Oʻzbekistonga munosib boʻlish hikmati

    Fikr 1 Sentabr 2024 133

    Yurtimizda keng nishonlanayotgan mustaqillik bayrami bugun barchaning diqqat-eʼtiborida.

    Ayniqsa, ushbu muborak ayyomda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda asosiy eʼtibor 5 ta ustuvor yoʻnalishga qaratilayotgani, bunda birinchi navbatda «sifatli taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish« masalasi taʼkidlangani, «…oʻgʻil bolani oʻqitsak, bir kishi savodli boʻladi. Qiz bolani oʻqitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli boʻladi«, – deya soʻzlagan nutqlari butun oliy taʼlim tizimi vakillari hamda talaba-yoshlarga oʻziga xos muhim chaqiriq bongi boʻldi.

    Koʻp ming sonli jamoaga ega boʻlgan Fargʻona davlat universitetida ham bugun sifatli taʼlim tizimini barqaror rivojlantirish masalasi muhim yoʻnalishlardan biriga aylangan. Bu borada professor-oʻqituvchilarning talabaga yaxshi sharoitlarda bilim berishi va oʻz ustida ishlashi uchun zarur boʻlgan barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Xususan, professor-oʻqituvchilar tajriba imkoniyatlarini orttirish maqsadida koʻplab rivojlangan mamlakatlarga xizmat safariga yuborilmoqda yoki mamlakat boʻylab amalga oshirilayotgan ichki turizm doirasida maʼnaviy hordiq uchun eng koʻrkam manzillarga joʻnatilmoqda.

    Jumladan, kuni kecha universitet rektori tashabbusi bilan jamoa Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan 50 nafar professor-oʻqituvchilar, jumladan, oliygohda uzoq yillardan buyon fidokorona ishlab kelayotgan nuroniy ustozlar Andijon viloyatiga sayohatda yuborildi. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33-yilligi bayrami munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirlar dasturidan betakror tabiatga ega Xonobod shahriga sayohat, «Uch avlod uchrashuvi«, davra suhbatlari va kechki sayllar oʻrin oldi. Ushbu sayohatda jamoa eng shinam va zamonaviy uslubdagi «Xonobod« sihatgohiga joylashib, shaharning diqqatga sazovor va tarixiy maskanlari, «Fozilmon ota« maqbarasi, «Afsona« bogʻi, Alisher Navoiy nomidagi xiyobonlarda boʻldilar.

    Yangi oʻquv yiliga oʻzgacha kuch va gʻayrat orttirib, safardan benihoya mamnun boʻldilar. Sihatgohda oʻtgan vaqt davomida tashkil etilgan badiiy kecha, «Uch avlod uchrashuvi« kabi maʼrifiy tadbirlar bu maskanga ham Fargʻona davlat universiteti nafasini olib kirdi. Yoshlar bilan olib borilgan muloqotlarda shukronalik, yurtni yurakdan sevish va uning armonlarini his etish, istiqlol neʼmatlarini anglash, fidoiylik, halollik kabi chin insoniy tuygʻular mohiyati tushuntirib borildi.

    Shuningdek, yaqinda oʻquv yili avvalida universitet ishchi-xodimlariga motivatsiya ulashish, mehnatlarini qadrlash va oilalariga eʼtibor koʻrsatish maqsadida ularning farzandlariga oʻquv qurollari taqdim etildi. Shu bilan birga, taʼtil davomida yangi oʻquv yiliga binolar va Talabalar turar joylarini tayyorlashda taʼmirlash ishlarini olib borib, jonbozlik koʻrsatgan usta-duradgorlar, suvoqchiyu binokorlar ragʻbatlantirildi. Yozgi taʼtil davomida esa yuzlab yetakchi yoshlar hamda iqtidorli talabalarning tarixiy maskanlarga tashrifi, koʻhna Samarqandu Buxoroi azimga sayohati tashkil etib borildi.

    Bu kabi koʻplab hayrli ishlarimiz ayni kunlarda ham davom etmoqda va mustaqil Vatanga munosib boʻlmoqlik ahdi bosh shiorimizga aylangan.

    Poziljon Otaqulov,

    FarDU jamoasi Kasaba uyushmasi Kengashi raisi, PhD.