Barcha mahalla fuqarolar yigʻinida “Yangi Oʻzbekiston –inson qadri ulugʻlangan yurt” shiori ostida konsert dasturlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, ijodiy uchrashuvlar, eng sara kinofilmlar namoyishi boʻlib oʻtadi.
Bugun Qoʻqon va Margʻilon shahri temir yoʻl bekatida poytaxtimizdan kelgan uch yuzdan ziyod madaniyat, sanʼat namoyandalari, shoir va yozuvchilar, maʼnaviyat targʻibochilari tantanali kutib olindi.
Fargʻonalik azaldan madaniyat va sanʼatni qadrlashadi. Ayniqsa, elimiz suygan sanʼatkorlar va ijodkorlar bilan gurunglarni, uchrashuvlarni sogʻingan. Shu bois ham har bir hududda bu tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish chora-tadbirlari belgilandi.
30-may - 6-iyun kunlari oʻtkaziladigan uchrashuvlarda aholiga yurtimizda Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlarni aniq hayotiy misollar orqali sodda va tushunarli shakllarda yetkazishga eʼtibor qaratiladi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Kitob karvoni” tashkil etilib, besh mingdan ziyod kitoblar tuhfa qilinadi. “Kinokarvon” loyihasi doirasida mahallalarda kino sanʼatimizning 100 ta eng sara namunasi va soʻnggi yillarda ishlab chiqarilgan filmlar namoyish etilib, kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish rejalashtirilgan.