Davlatimiz rahbari marosimda nutq soʻzlab, barcha muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillarni samimiy tabrikladi.

– Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Biz sizlarning timsolingizda Uchinchi Renessans bunyodkori boʻlib maydonga chiqayotgan 22 millionlik yosh avlodni onalik mehri bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan buyuk bir kuchni koʻramiz.

Sizlar tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi, bir soʻz bilan xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz, – dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning jamiyat hayotidagi rolini oshirish boʻyicha mutlaqo yangi tizim shakllantirilgani taʼkidlandi. Qabul qilinayotgan qonun va qarorlarda gender tengligi masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, xotin-qizlar manfaatlariga taʼsiri baholanmasdan turib, hech bir qonun qabul qilinmasligi belgilangan.

Mazkur siyosat natijasida faol tadbirkor ayollar qatlami shakllanib, bugungi kunda ularning soni 230 ming nafarga yaqinlashdi. Qishloq xoʻjaligida 12 ming nafardan ortiq fermer ayollar mehnat qilmoqda, ilm-fan sohasida esa 6 mingdan ziyod olimalar faoliyat yuritmoqda.

Qizlarimiz xalqaro sport musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Xususan, oʻtgan yilda ular jahon arenalarida 167 ta oltin, 193 ta kumush va 243 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Xotin-qizlarimiz hayotidagi bunday ijobiy oʻzgarishlar xalqaro maydonda ham eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pogʻona yuqorilab, 36-oʻrinni egalladi. “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida mamlakatimiz 103-oʻrindan 52-oʻringa koʻtarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida esa 43 pogʻonaga yaxshilanib, 48-oʻrinni egalladi.

Davlatimiz rahbari turli sohalardagi mehnati, isteʼdodi va aql-zakovati bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan ayollarimizga, xalqaro maydonlarda Vatanimizni dunyoga tarannum etayotgan qizlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

Xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yili bu maqsadlar uchun 23,5 trillion soʻm kredit ajratilib, buning natijasida 425 mingdan ortiq ayollar tadbirkor boʻldi.

Bu yil ham xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli dasturlar amalga oshiriladi. Xususan, 166 ming xotin-qizlar zamonaviy kasb va tadbirkorlikka, yana 100 ming nafari axborot texnologiyalari sohasiga oʻqitiladi.

Shuningdek, “Daromadli ayol” dasturi yoʻlga qoʻyilib, kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqachilik kabi yoʻnalishlarda 50 ming ayolning bandligi taʼminlanadi. “Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta biznes loyihasiga 1 trillion soʻm ajratilishi belgilangan.

Umuman, joriy yilda 1,5 million xotin-qizni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini tadbirkorlikka jalb etish maqsad qilingan. Bu ishlar uchun 25 trillion soʻmdan ziyod resurs yoʻnaltiriladi.

Prezidentimiz mamlakatimizda qizlarning taʼlim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga ham toʻxtalib oʻtdi. Bugun oliygohlarda tahsil olayotgan qizlar soni 904 ming nafardan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda. Stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning ham 61 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani alohida taʼkidlandi.

Yangi oʻquv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi qizlar uchun davlat granti kvotasi ikki barobarga oshirilib, 4 mingtaga yetkaziladi. Shuningdek, dunyodagi yetakchi oliygohlar bilan qoʻshma taʼlim asosida magistraturada tahsil olayotgan talaba-qizlarning kontrakt toʻlovlari ham davlat tomonidan qoplab beriladi.

Yosh xotin-qizlarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida har yili kamida 10 ta yoʻnalish boʻyicha startap tanlovlari oʻtkazilib, har bir gʻolibga Innovatsiya jamgʻarmasidan 500 million soʻmgacha grant ajratiladi.

Tadbirda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi kurashish davlat siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani taʼkidlandi.

Yaqinda xotin-qizlar va bolalarni har qanday zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan yangi Prezident farmoni imzolandi. Endilikda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan har qanday zoʻravonlik, tazyiq holatlariga qarshi qatʼiy tizim asosida kurash olib boriladi.

Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan ayollarni jamiyatga qayta integratsiya qilish maqsadida “Yangi hayot” dasturi amalga oshirilishi belgilandi. Unga koʻra, mahkumalar 3-6 oylik kasbga oʻqitish dasturlari orqali hunar egallaydi, oliy taʼlim muassasalariga kirish va masofaviy taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladi.

– Biz oʻz oldimizga, avvalo, inson baxti, inson qadri uchun xizmat qiladigan ulkan maqsadlar qoʻyganmiz. Chunki inson baxti oiladan boshlanadi, oila esa ayol bilan mustahkam. Hech shubhasiz, bu borada qizlarimizning maʼnaviy tarbiyasi hal qiluvchi oʻrin tutadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Dunyodagi vaziyat tahlikali boʻlib borayotgan bir paytda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik ulugʻ neʼmat ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz. Duogoʻy buvijonlar, moʻtabar onaxonlar oilalarda bu neʼmatning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va farzandlar, nabiralarga shukronalik tuygʻusini singdirishda namuna boʻlishlariga ishonch bildirildi.

Tadbirda mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh ayollarga davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari, shuningdek, ilm-fan, taʼlim, madaniyat va jamoat ishlarida faol boʻlgan 28 nafar iqtidorli qizga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tantanali tarzda topshirildi.

– Yangi Oʻzbekistonni ayollari hayotdan rozi boʻlib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga aylantirish – mening eng katta niyatim. Ishonchim komil, sizdek fidoyi, shijoatli, mehnatkash ayollarimiz, butun xalqimiz bilan birga ezgu maqsadlarimizga, albatta, erishamiz! – dedi davlatimiz rahbari.