Poytaxtimizdagi “Humo Arena” majmuasi bayramona bezatilgan. Bu yerda Navroʻz bayramining asosiy tantanali tadbiri boʻlib oʻtdi.

Muhtasham saroyga senatorlar, deputatlar, hukumat aʼzolari, muhtaram otaxonu onaxonlar, turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, yoshlar, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurdi.

Bayram tadbirida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizga Navroʻz tabrigini yoʻlladi.

Yurtimizga bayramlar yarashadi. Ular orasida Navroʻz shukuhi oʻzgacha. Yangilanish, tozarish va kuch-quvvat manbai, ezgu amallar bayrami sifatida qadr topib kelayotgan Navroʻzni bu yil xalqimiz koʻp orzu-umid, katta niyatlar bilan qarshilayapti.

Davlatimiz rahbari shijoati, xalqimiz hamjihatligi bilan butun dunyoni qalqitgan global ofat — koronavirus pandemiyasi sha­roitida ham koʻzlagan maqsadlarimizga erishdik. Xalqchil islohotlar davom etdi, yutuqlarimiz koʻp boʻldi, taraqqiyotimiz toʻxtamadi. Pirovardida, Oʻzbekiston dunyoning sanoqli davlatlari qatorida ijobiy oʻsish surʼatlarini saqlab qoldi.

Oʻtgan yili shu kunlarda Prezidentimiz xalqimizga Navroʻz tabrigida “Nasib etsa, tez orada bu tashvishli kunlar ortda qoladi. Bunday sayil-tomoshalarni, toʻyu tantanalarni el-yurtimiz bilan birgalikda hali koʻp-koʻp oʻtkazamiz” deya ezgu niyat qilgan edi. Allohga shukr, shu niyat amalga oshdi.

Bu yilgi Navroʻz mustaqilligimizning 30 yilligi shukuhi bilan uygʻun kelgani bilan ham qadrlidir. Mustaqillik toʻyini aziz xalqimiz bilan birgalikda “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” gʻoyasi asosida nishonlaymiz. Shunday farahli kunlarda esa keyingi 5 yilga yaqin vaqt mobaynida biz erishgan muvaffaqiyatlarni eslab, koʻnglimiz togʻdek yuksaladi. Marrani yana-da baland olamiz.

...Navroʻz — bunyodkorlik bayrami. Birgina oʻtgan yili mamlakatimizda 197 ta yirik, ming­lab kichik va oʻrta korxonalar hamda infratuzilma obyektlari ishga tushirildi. Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi va 18 kilometrlik yer usti metro yoʻnalishi foydalanishga topshirildi.

Dehqonu fermerlarimiz yangicha, samarali ishlash uslubiga oʻtmoqda. Bu — klaster tizimi. 2020-yilda meva-sabzavotchilik, gʻallachilik va chorvachilikda 500 ga yaqin klaster va kooperatsiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Natijada 1 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi. Aholi daromad olishi uchun yer maydonlari ajratilmoqda.

Mamlakatimizning xalqaro moliya bozorlarida ham nufuzi oshmoqda. Gapimizga oʻtgan yili ilk bor milliy valyutada 2 trillion soʻmlik davlat yevroobligatsiyalari past foizlarda joylashtirilgani ham misol boʻla ­oladi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish yoʻlidagi ishlarimiz ham bardavom boʻlmoqda. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” asosida boshlangan ishlarimiz ham yaxshi samara beryapti. Ana shu tizim orqali oʻtgan yili 500 mingdan ziyod fuqaroning bandligi taʼminlandi. Minglab ehtiyojmand oilalarga koʻmaklashildi, muammolariga yechim topildi.

...Navroʻz mehr-saxovat bayrami hamdir. Ota-bobolarimizdan meros joʻmardlik, tantilik va bagʻrikenglik xislatlari joʻshib turibdi. Pandemiya sharoitida, turli tabiiy ofatlar yuz berganda mehr-saxovat ishlariga guvoh boʻldik. Bu amallar hamon davom etmoqda.

Oʻtgan yili ijtimoiy nafaqa oluvchilar qamrovi oshirilib, 1 million 200 mingga yetkazildi. Kambagʻal oilaga bir martalik yordam berishku mayli, lekin ularga doimiy daromad manbai yaratish asosiy maqsad qilingan. Shu maʼnoda, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalariga 300 milliard soʻm imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda yangi yoʻnalishga aylandi.

Islohotlarimizning xalqaro eʼtirofi ham faxr etsa arzigulik. Oʻzbekiston “Ochiq maʼlumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pogʻonaga koʻtarilib, 44-oʻrinni egalladi. “Iqtisodiy erkinlik” reytingida ham 26 pogʻona ilgariladik. Mamlakatimiz tarixda birinchi marta BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo etib saylandi. AQSH davlat departamenti tomonidan Oʻzbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” roʻyxatidan chiqarildi.

...Navroʻz sahnasida joʻshqin qoʻshiq yangraydi. Bu joʻshqinlik qalbimizga ham koʻchadi. Zabt etilgan marralar, yutuqlar koʻpligidan quvonamiz. Shu his bizni yangi gʻoyalarni amalga oshirishga chorlaydi.

Qadimgi qimizchi chollar qoʻshigʻida aytilganidek: bola dunyoni tebratar. Bu tarannumning buyuk falsafasi bugun Oʻzbekistonda boʻy koʻrsatmoqda.

Jumladan, Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida taʼlim-tarbiyaga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bir necha yilda kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2 barobar ortib, 60 foizga yetdi. Bogʻchalar soni esa 14 mingdan oshdi. Maktab va oliy taʼlimdagi islohotlarimiz ham kundek ravshan koʻrinib turibdi.

...Navroʻz dehqonchilik, yaralish fursati. Shunday ulugʻ ayyom kunlarida yaxshi niyat bilan yerga urugʻ qadaladi, dehqonchilik ishlari boshlanadi, chorva soni koʻpayadi. Bu yilgi koʻklam dehqonu chorvadorlar kutganidek seryogʻin, barakali kelmoqda. Moʻl hosildan umid katta.

Xalqimiz tabiat bilan uygʻun yashaydi. Zaminu osmonga, togʻu dalalarga muhabbati yuksak. Bu muhabbat dasturxonimizga moʻl-koʻlchilik bilan qaytadi.

...Bahor goʻzallik fasli. Keyingi yillarda shaharlarimiz, qishlogʻu mahallalar kun sayin koʻrkam qiyofa kasb etib boryapti. Har yonda obodlik ishlari avjida.

— Navroʻzning oʻlmas ruhi va boqiy falsafasi biz bugun bunyod etayotgan yangi Oʻzbekiston gʻoyasi bilan uygʻun va hamohangdir. Xalqimizning fidokorona mehnati, qatʼiy siyosiy irodamiz bilan keng koʻlamli islohotlarimizni bundan keyin ham jadal davom ettiramiz. Qanchalik qiyin boʻlmasin, el-yurtimiz manfaatini, jondan aziz farzandlarimiz kelajagini taʼminlashga xizmat qiladigan toʻgʻri yoʻlimizdan hech qachon ortga qaytmaymiz, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bayram tadbiri katta konsert dasturi bilan yakunlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Humo Arena” majmuasi oldidagi maydonda tashkil etilgan bayram saylida ham ishtirok etdi. Bu yerda milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimiz namoyishini, folklor-etnografik jamoalari chiqishlarini kuzatdi. Nuroniylar bilan suhbatlashdi, yosh ijrochilarga oʻqish va ijodda muvaffaqiyatlar tiladi. Sayilga tashrif buyurgan aholi davlatimiz rahbarini olqishlar bilan qarshi olib, minnatdor nigohlar ila kuzatib qoʻydi.

Navroʻz tantanalari yurtimiz boʻylab davom etmoqda.

Shoirimiz Jumaniyoz Jabborov yozganidek:

Yashnar tabiat, dashtu adir lola ichinda,

Yurtim — chamanim oʻzgacha pardozlanajakdir.

Ha, Navroʻzning har nafasi umrga tatigulik. Zero, Oʻzbekistonda yangilanish fasli kezmoqda. Qayon boqsak obodlik manzaralari namoyon boʻladi. Shunday ekan, Navroʻz yil davomida hamrohimiz boʻlsin! Bayram muborak!

Abu Bakir OʻROZOV,

Ulugʻbek ASROROV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari