Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi bilan ilk marotaba isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekistonning isteʼdodli yoshlari” eng yaxshi maqolalar tanlovi gʻoliblari taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari U.Begimqulov, isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi raisi O.Salimov, Yoshlar ishlari agentligi boʻlim boshligʻi M.Eshqulov, tanlov gʻoliblari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, tanlov yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularni ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida oʻtkazildi.
“Yangi Oʻzbekistonning isteʼdodli yoshlari” eng yaxshi maqolalar tanlovi ilk marotaba oʻtkazilganiga qaramasdan, talabalar va yosh tadqiqotchilar oʻrtasida ommalashdi. Jumladan, shu yilning yanvar-fevral oylarida tashkil etilgan tanlovga talabalar, doktorantlar va tadqiqotchilar tomonidan 400 ga yaqin ilmiy maqola kelib tushdi.
Tanlovga kelib tushgan maqolalar yoʻnalishlar boʻyicha tuzilgan ekspert guruhlari tomonidan oʻrganib chiqilib, ulardan 39 tasi eng yaxshi maqola deb topildi. Tanlov gʻoliblarining ilmiy maqolalaridan iborat ilmiy toʻplam chop etilib, toʻplam Oliy attestatsiya komissiyasida eʼtirof etgan ilmiy nashrlar qatoriga kiritildi.
Shuningdek, ekspert guruhlari tomonidan tanlov gʻoliblari orasidan maqolasi yoʻnalishlar boʻyicha eng yaxshi deb topilgan 10 nafar muallif “Ulugʻbek” jamgʻarmasi tomonidan pul mukofoti bilan ham taqdirlandi.