Tanlovining bu yilgi g'oliblaridan Zarinabonu Faxriddinova (O'zbekiston milliy universiteti talabasi), Sitora Asadova (Buxoro muhandislik texnologiya instituti doktoranti), Vazira Ibragimova (O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti stajor-tadqiqotchisi), Mirzoxid Shodmonov (Toshkent davlat yuridik universiteti tayanch doktoranti)lar bugun ilmiy faoliyat bilan shug'ullanayotgan iqtidorli yosh tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so'zlab, bu e'tibor, bu rag'bat, albatta, faoliyatlarida ildam qadamlar bilan olg'a yurishlari uchun turtki bo'lishini hamda erishgan natijalari bilan to'xtab qolmasliklarini ta'kidladi.

Tanlov g'oliblari maxsus diplom, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 3 000 000 (uch million) so'mdan iborat pul mukofoti va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

Talaba-yoshlarni rag'batlantirish, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga ko'maklashuvchi mazkur tanlov ularning ilmiy faoliyatga bo'lgan qiziqishlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Ma'lumot o'rnida, iqtidorli talaba-yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, ularning ilmiy va innovatsion faoliyatdagi yutuqlarini rag'batlantirish maqsadida Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi va Iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash “Ulug'bek” jamg'armasi hamkorligida “YAngi O'zbekistonning iste'dodli yoshlari” nomli yilning eng yaxshi maqolasi tanlovi har yili an'anaviy o'tkazilishi yo'lga qo'yilgan.

Ilk bor 2019-yilda tanlovga 300 dan ortiq maqola taqdim etilgan, shundan 39 ta maqola muallifi g'olib deb topilgan va tanlov g'oliblari maqolalaridan iborat 1-kitob chop etilgan.

2020-yilda e'lon qilingan tanlovda 350 dan ortiq maqola kelib tushgan va shundan 44 ta maqola muallifi g'oliblikni qo'lga kiritgan. Eng yaxshi maqolalar o'rin olgan 2-kitob ham nashrdan chiqqan.