Ilk muloqot 7-yanvarda fuqarolik jamiyati institutlarining yuzdan ziyod xodimlari va faollarini oflayn va onlayn formatda jamladi.
Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov soʻzga chiqib, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim jihatlariga toʻxtalib oʻtdi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasini 2017–2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida oʻtgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident qarorlari qabul qilindi. Shuningdek, inson huquqlarini taʼminlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
— Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi loyihasida Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishi saqlab qolingan holda yana ikkita yangi yoʻnalish qoʻshilgan va 94 ta ustuvor vazifalar belgilangan, — dedi Akmal Saidov. — Endi maqsad va vazifalar yangi bosqichga olib chiqilyapti. Oʻzbekiston nafaqat Markaziy Osiyo, balki global miqyosdagi munosabatlarga kirishyapti, global masalalarda oʻzining tashabbuslari bilan chiqyapti va nuqtayi nazarlarini bildiryapti. Yangi strategiya doirasida 23 ta yangi Dasturlar, konsepsiyalar qabul qilish, 13 ta yangi qonun va 12 ta kodeks, shu jumladan, Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi kodeks ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Bu fuqarolik jamiyati institutlarining muhim poydevorini tashkil etadigan hujjat boʻladi.
“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida aholi farovonligini yanada yuksaltirish, iqtisod tarmoqlarini transformatsiya qilish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olish maqsadida Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasini regulation.gov.uz, jamoatchilik.uz va 2022-2026.strategy.uz elektron platformalari orqali muhokama qilish davom etyapti. Platformalarda fuqarolar oʻz taklif va mulohazalarini yozib qoldirishi mumkin.
— Oʻtgan besh yilda Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari oʻzining mustahkam pozitsiyasiga ega boʻldi, — dedi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. — Nodavlat tashkilotlarining mamlakatimizdagi islohotlarni rejalashtirishda, amalga oshirishda, nazorat qilishdagi ishtiroki kengaydi. Avval bunday natijaga erishilmagan edi. Ayni paytda biz Taraqqiyot strategiyasi loyihasini jamoatchilik, jamiyat manfaatlaridan, erkinliklaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish imkoniyatiga egamiz.
Muloqot mobaynida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi, “Sabr” ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi, Qashqadaryo viloyati “Yuksalish” axborot-maslahat resurs markazi, Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati, Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi va boshqa NNT vakillari bilan inson shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish orqali xalqparvar davlat barpo etish hamda erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish jihatlari muhokama etildi. Xususan, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi loyihasida taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish nazarda tutilganiga toʻxtalib oʻtildi. Loyihada quyidagilar taklif etilmoqda: jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, xalq deputatlari Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlariga ajratilayotgan mablagʻlar hajmini 7 barobarga oshirish.
Muloqot ishtirokchilari ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati subyektlarini keng jalb qilish, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini va saylov madaniyatini oshirish, saylovlarga oid xalqaro standartlarni qonunchilikka implementatsiya qilish ishlarini davom ettirish muhimligini taʼkidladi. Ularning fikricha, davlat organlari faoliyatini oʻrganishda ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish hamda aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish oʻz samarasini beradi. Shuningdek, ijtimoiy sheriklikning samarasini, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qoʻllab-quvvatlash hajmini oshirish yuzasidan berilayotgan takliflar yuzasidan fikr almashindi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.