Qurilish sohasidagi bu jarayon nafaqat shahar va qishloqlar qiyofasini o‘zgartirdi, balki odamlar hayotiga o‘zgacha mazmun-mohiyat bag‘ishlayotgani ham bor gap.
3–7-iyul kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida bir nechta tadbirlarning shu sohaga bag‘ishlangani ham bejiz emas.
Bu bugun O‘zbekiston qurilish sohasida o‘ziga xos tajribaga ega bo‘lib borayotgan davlatlar sirasiga kirishidan dalolat beradi. Yurtimiz quruvchilaridan o‘rganadigan jihatlar borligi, shuning uchun kelgusida aloqalarni mustahkamlash zarurligini ko‘rsatadi.
Bugun mazkur sohadagi o‘zgarishlar zamonaviy tamoyillar asosida tobora takomillashib borayotgani esa yanada diqqatga sazovordir. Ya’ni, O‘zbekistondagi bunyodkorlik jarayoni yashil iqtisodiyot, urbanizatsiya, qurilishda muqobil energiya, va albatta, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasidagi ijtimoiy siyosatga yo‘g‘rilgani bilan alohida ajralib turadi. Mamlakatimizdagi hozirgi qurilish industriyasini ana shu omillarsiz tasavvur qilish mushkul. Shu jihatdan olganda, keyingi 6 yilni sohadagi inqilobiy burilish davri bo‘ldi, desak arziydi. Shu davr ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga doir 27 ta qaror va farmoni, boshqa ko‘plab me’yoriy hujjatlar qabul qilingani buning tasdig‘idir.
Agar, 1991 yildan 2016 yilgacha 2000 ga yaqin qurilish-pudrat tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ular soni 40 mingdan oshib ketdi. Urbanizatsiya hisobiga aholi sonining ko‘payishi, infratuzilma tarmoqlaridagi haddan tashqari yuklamalar, transport harakatidagi tirbandliklar, chang, tutun — bularning barchasi shaharlar maydonini kengaytirishni, odamlar yashashi uchun qulay sharoitga ega yashil shaharlar qurishni taqozo etayotgan edi. Shu bois, ko‘p xonadonli binolarning ko‘kalamzorlashtirish maydoni umumiy obyektning 25 foizidan kam bo‘lmasligi shaharsozlik norma va qoidalarida qat’iy belgilab qo‘yildi.
Foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilindi. Shuningdek, hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 37 ming xonadonda kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatiladi.
Aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmi 1,5 barobar oshirildi. Birgina 2023 yilda 90 mingta uy-joy qurish, bu borada ikki yil avval boshlangan imtiyozli shartlar asosidagi ipoteka krediti berish tizimi davom ettirilmoqda.
Respublika shahar, shaharchalarning bosh rejalari hamda qishloq (ovullar) aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha 2023–2027 yillarga mo‘ljallangan dastur shakllantirildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023–2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi tayyorlandi.
Mahalla infratuzilmasi — asosiy yo‘nalish
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Aytaylik, birgina o‘tgan yili “Obod mahalla” dasturi doirasida sharoiti og‘ir 413 ta mahallaning bosh rejasi hamda qishloq va mahallalar markazining me’morchilik qiyofasini yaxshilash bo‘yicha loyihalari ishlab chiqilgan. Jarayonga ilk bor xususiy loyiha tashkilotlari jalb qilindi.
Bu kabi mahalla va qishloqlardagi jami 543 ijtimoiy soha obyekti, shu jumladan, 143 ta bog‘cha, 265 ta maktab, 136 ta tibbiyot, bitta madaniyat binosi, shu bilan birga, aholini ichimlik suv bilan ta’minlashga qaratilgan jami 382 obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Mana shu yangilanishlar bilan uyg‘un kechayotgan yana bir katta yo‘nalish bor. Bu — mahallalar infratuzilmasini yaxshilash. Shu maqsadda Respublika Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022–2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Qaror ijrosi bilan hududlarni obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz ta’minotini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma obektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratishga kirishildi.
Shu maqsadda 5 ming 284 mahalladagi 6 mingdan ziyod ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari belgilandi. Ushbu qaror ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida hududlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, loyihalar foydalanishga topshirilmoqda. Xususan, dasturga kiritilgan 5 ming 600 dan ziyod, boshqacha aytganda, 92 foiz obyektlar yurtdoshlarimiz xizmatiga taqdim etilgan. Bugungi kunda dastur doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan ham qo‘shimcha obyektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari davom ettirilyapti.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” kabi mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xalqimiz hayotini o‘zgartirib, yurtdoshlarimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratdi. Bugun obod mahalla va qishloqlarda yangi hayot nafasi ufurib, odamlarni yaxshiliklar sari undamoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida 38 ta hududda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish jarayoni izchil olib borilyapti. Agar qurilishi jadal boshlangan “Yangi O‘zbekiston” massivlari infratuzilmasiga, shakli-shamoyiliga e’tibor beradigan bo‘lsak, bu yerda inson manfaati, uning qadri har narsadan ustun ekanligi namoyon bo‘ladi. Jumladan, bunday massivlarda ko‘p qavatli uylar, muhandislik-transport kommunikatsiyasi, ijtimoiy soha, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari kompleks tarzda qurilmoqda.
Qurilish iqtisodiyotimizning jadal rivojlanayotgan sohalaridan biriga aylanayapti. Binobarin, 2020-yilda qurilish ishlari hajmi 88 trillion so‘m, 2021 yilda 108 trillion so‘m va 2022-yilda 131 trillion so‘mni tashkil etgani shundan dalolat beradi.
Qolaversa, 2021–2025 yillarda qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish va innovatsion rivojlantirish bo‘yicha strategiya va “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Umuman olganda, bugun mamlakatimiz qurilish sohasida yangi avlod shakllanib, sohaga zamonaviy uslublar joriy etilmoqda.
Eskirgan normalar bugungi kun talabiga uyg‘unlashtiriladi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatovning qayd etishicha, bugungi kunda qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning strategiyasi tasdiqlanib, unda shaharsozlik sohasidagi eskirgan normativ hujjatlarni bugungi jahon standartlariga muvofiqlashtirish qat’iy belgilangan.
Jumladan, “Uzbekistan building code” dasturi modernizatsiyasi orqali bir nechta aniq maqsadlar ko‘zda tutilmoqda:
– eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normalarni bugungi kun islohotlari bilan uyg‘unlashtirish;
– ularni tizimlashtirish orqali qurilish sohasida byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish;
– normalarni amaliyotda qo‘llash bilan bog‘liq muammolarni tahlil qilish orqali takomillashtirish;
– normalarni qurilishga oid xalqaro normativ-texnik hujjatlarga muvofiqlashtirish shular jumlasidan.
Mazkur modernizatsiya jarayoni uchun Koreya qurilish texnologiyalari instituti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, bu ishlarni muvofiqlashtirish uchun 2022 yilda vazirlik huzurida Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Bugungi kunda institutda 80 nafardan ortiq qurilish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash bo‘yicha ilmiy xodimlar hamda malakali mutaxassislar faoliyat olib bormoqda.
Bugungi tezkor zamon, jahon bo‘ylab globallashuv jarayoni tobora chuqurlashib borayotgan sharoitda raqamlashtirish ilg‘or davlatlar iqtisodiyotining barcha tarmog‘ida keng joriy etilmoqda. Hattoki, ayrim mamlakatlar ushbu sohaning eng yuqori cho‘qqisi hisoblangan sun’iy intellektdan faol foydalanyapti. Raqamlashtirish har bir sohada inson omilisiz boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish orqali korrupsiyani kamaytiradi, soliq tushumlarini “aqlli” shartnomalar tuzish orqali ko‘paytiradi, budjet xarajatlari ochiqligini oshiradi. Yagona elektron platforma orqali xizmat ko‘rsatish imkoniyatini beradi. Har bir jabhada raqamlashtirish jarayonini tashkil etish kelajakda real raqobatbardoshlikni uzoq muddatga saqlab qolishda asqotadi.
O‘zbekiston qurilish sohasini raqamlashtirish bo‘yicha dunyoning ildamlab borayotgan mamlakatlari qatorida, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Vazirlik tomonidan aholi, tadbirkorlik subyektlari, buyurtmachi, loyihachi va pudrat tashkilotlariga, umuman, qurilish jarayonining barcha ishtirokchilariga yuqori darajada qulaylik yaratish maqsadida qator tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bunda barcha xizmat va texnologik jarayonni inson omilisiz muvofiqlashtirib borish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishga tushirilgani muhim omil bo‘lmoqda. Bu esa mazkur sohadagi davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, hujjatlarning elektron shaklda aylanishini ta’minlash, investitsiya dasturidagi qurilish obyektlarining holatini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini berayotir. Shuningdek, qurilish obyektlarida nazorat jarayoni elektronlashtirilib, barcha ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllantirilyapti.
— “Qurilish sohasidagi davlat xizmatlari axborot tizimi” platformasi orqali bir nechta davlat xizmatlari onlayn amalga oshirilmoqda, — deydi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi direktori o‘rinbosari Shuhrat Hamdamov.— Qurilish hamda tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma shu orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, Qurilish va loyiha tashkilotlarining reytingini aniqlash tizimiga respublikada faoliyat yuritayotgan 22 mingdan ortiq qurilish va loyiha tashkiloti kiritilgan. Ularning reytingi tashkilot moddiy-texnik bazasi, raqobatbardoshligi, kadrlar siyosati, moliyaviy ko‘rsatkichlari, soha mutaxassislari ish tajribasi kabi bir necha muhim faktorlar bo‘yicha onlayn tartibda avtomatlashtirilgan holda shakllantirib boriladi.
Qurilishga doir loyihalar tender platformasi orqali inson omilisiz tanlab olinadi. Ta’kidlash lozimki, ushbu amaliyotning dunyo miqyosida muqobili kam. Bunda talabgorning ma’lumotlari avtomatlashtirilgan tarzda soliq, adliya idoralari, Majburiy ijro byurosi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi hamda Markaziy bank ma’lumotlar bazasidan olinadi.
Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha axborot tizimi to‘liq raqamlashtirildi. Bunda ariza beruvchilar uydan chiqmagan holda murojaat qilishi, qisqa muddatda tegishli ekspertiza xulosalarini olishi mumkin. Eng muhim jihati, murojaatchi onlayn ravishda arizaning har bir bosqichini monitoring qilish imkoniyatiga ega.
Navbatdagi modul qurilish sohasida ko‘rsatiladigan elektron xizmatlarni monitoring qilish va har bir obyekt kesimida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida jam qilgan “Maqsadli dasturlar monitoring” elektron tizimidir. Bu orqali “Shaffof qurilish” qoshidagi boshqa tizimlar hamda tegishli vazirlik va idoralar axborot markazlari bilan integratsiya qilinishi hisobiga muammolarning oldi olinadi.
Ayni paytda mamlakatimizdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari bir maqsadga — aholining to‘kis hayot kechirishi uchun zamonaviy turar joylar, ijtimoiy soha obyektlari va qulay infratuzilma yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Dilshod ULUG‘MURODOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri









