Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi masofaviy taʼlim boʻyicha axborot-metodik taʼminot platformasi — test.lpa.gov.uz saytini ishga tushirdi.
Mazkur portal yurtimiz boʻylab ingliz tili taʼlimi boʻyicha yagona axborot-metodik taʼminotini yaratish hamda uni tashkil etishning masofaviy shakllarini ishlab chiqish bilan birga, turli resurslar integratsiyasi asosidagi bilimlarni uzluksiz oshirish imkoniyatini beradi.
Platforma foydalanish uchun qulay va oson shaklda ishlab chiqilgan boʻlib, chet tilini oʻrganishning besh darajasi boʻyicha ajratilgan. Yaʼni eng sodda, boshlangʻich bosqichdan muayyan murakkab bosqichgacha oʻrganish imkoniyati mavjud. Shuningdek, test savollari ham joylashtirilgan. Bu oʻrgangan bilimlarni tekshirib olish imkoniyatini beradi. Savollar 100 ballik tizim asosida baholanadi. Jami 100 balldan 15 ballg a ega boʻlinsa, oʻrganuvchi toʻliq modullarni oʻzlashtirishi mumkin. Bundan tashqari, baʼzi mavzularga krossvordlar ham kiritilgan. Ularni toʻgʻri ishlagandan keyin ham oʻrganuvchiga maʼlum miqdorda ball beriladi.
Mazkur qoʻllanmaning yana bir afzalligi shundaki, internet tezligi past yoki oflayn sharoitda ham foydalanish imkoniyati mavjud. Shu sababli oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish imtihonlariga tayyorgarlik koʻrayotgan yoshlar ham bilimini oshirishda ushbu platformadan unumli foydalanishi mumkin. Masofaviy taʼlim boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi ushbu platforma olis hududda yashaydigan oʻrganuvchilarning ingliz tiliga oid kompetentligini oshirish boʻyicha muhim axborot metodik taʼminot vazifasini oʻtaydi. Abiturentlarning eng koʻp beradigan savollaridan biri — til oʻrganishda qaysi bosqichda ekani haqida. Bundan tashqari, mazkur tizim oʻrganuvchiga kompyuter imkoniyatlarini oʻzlashtirish, undan samarali foydalanish orqali pedagog bilan individual ishlash jarayonini muvofiqlashtiruvchi vosita sifatida ham xizmat qiladi. Xususan, oʻqituvchilar bilim va malakasini kompyuterlashtirilgan holda nazorat qilish, talab qilinadigan bilimlar majmuasining sifatini aniqlash muammosini hal qilish imkonini beradi.
Taqdimot marosimida www.lpa.gov.uz saytiga joylashtirilgan boshqa onlayn oʻquv metodlari haqida ham maʼlumot berildi. Masalan, saytning onlayn taʼlim boʻlimida Speak&Improve platformasida Sandi ismli robot bilan suhbatlashib, ingliz tili boʻyicha saboq olishingiz mumkin. Shuningdek, Intuto platformasi ham til oʻrganuvchilar uchun juda qulay va oson tarzda ishlab chiqilgan. Undagi oʻquv kurslari 30 kun davomida, 15-20 daqiqadan vaqt ajratish orqali bosqichma-bosqich oʻrganishga moʻljallangan boʻlib, videodarslar yordamida yanada tushunarli tilda dars beriladi. Mazkur platforma bilan endi ingliz tilini oʻrganish yanada oson. Buning uchun oʻzingizda xohish, intilish boʻlsa bas, mehnatdan qochmasangiz, albatta, natijaga erishasiz.
Xurshid Mamatqulov,
Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi boʻlim boshligʻi