Yangi quduqlar ishga tushirildi

    Energetika 5 May 2021 1368

    Qashqadaryo, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda yettita yangi quduq ishga tushirildi.

    «2017-2021-yillarga mo‘ljallangan uglevodorod xom-ashyosi qazib olishni ko‘paytirish dasturi» ijrosi doirasida «O‘zbekneftgaz» AJ bilan hamkorlikda ERIELL Group tomonidan Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasida yettita yangi quduq sanoat miqyosida foydalanishga topshirildi.

    Xususan, Qashqadaryo viloyatidagi Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining «Alon» konida mavjud gaz yig‘ish punktiga qo‘shilgan 209-sonli quduq ishga tushirildi. Diametri 168x6 mm va umumiy uzunligi 458 metr bo‘lgan shleyfli gaz quvuri qurilishi amalga oshirildi. Quduq debiti sutkasiga 102,555 ming m3ni tashkil qildi.

    Buxoro viloyatidagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining «Doyaxotin» konida 89 va 90-sonli quduqlar sanoat miqyosida foydalanishga topshirildi. Quduqlar debiti sutkasiga 146,742 ming metr kub va 34,112 ming metr kubni tashkil etdi. Konda diametri 108x8 va umumiy uzunligi 1 036 metr bo‘lgan shleyfli gaz quvurlari qurildi. Bundan tashqari, «Kulbeshkok» konida 54-sonli quduq ishga tushirildi. Olingan gaz oqimini oshirish maqsadida quduqda qo‘shimcha ravishda tuz-kislotali ishlov berish ishlari (TKIB) amalga oshirildi. Quduqni intensifikatsiya qilish natijasida debiti sutkasiga 233,106 metr kub bo‘lgan sanoat miqyosida gaz oqimi olindi. Diametri 108x8mm va umumiy uzunligi 1 681 metr bo‘lgan shleyfli gaz quvuri qurildi.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ustyurt neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi «Shimoliy Berdaq» konida 98-sonli quduq ishga tushirildi. Quduqda 2NNK geofizik tadqiqoti o‘tkazildi. Ikkinchi ob’ektni o‘zlashtirish natijasida sanoat gazi oqimi olindi. Debit sutkasiga 271,677 ming metr kubni tashkil qildi. Diametri 114x6 mm va umumiy uzunligi 650 metr bo‘lgan shleyfli gaz quvuri qurib bitqazildi.

    «Shimoliy Berdaq» konida 99-sonli quduq ishga tushirildi. Debiti sutkasiga 182,362 ming metr kub bo‘lgan sanoat gaz oqimi olindi. Diametri 114x6 mm va umumiy uzunligi 340 metr bo‘lgan shleyfli gaz quvuri qurildi. Shu bilan birga, «Sharqiy Berdaq» konining 86-sonli qudug‘i ishga tushirildi. Quduq debiti sutkasiga 56,225 ming metr/kub ni tashkil etadi. Diametri 114x6mm va umumiy uzunligi 1 150 metr bo‘lgan shleyfli gaz quvuri qurilishi amalga oshirildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.