Yangi qurilgan uylarga kredit berishda bank kadastr hujjatini talab qilishi to‘g‘rimi?

    Urbanizatsiya 24 Iyun 2020 3918

    Markaziy bank matbuot xizmati fuqarolardan tushgan shunday savollarga atroflicha javob berdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 3-yanvardagi “Uy-joy qurilishiga, uni rekonstruksiya qilishga va sotib olishga ipoteka krediti berish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2-sonli qaroriga asosan ipoteka krediti hisobiga sotib olinadigan va belgilangan tartibda qarz oluvchi mulkiga oʻtadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki kvartira garovga qoʻyilgan holda amalga oshiriladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5886-sonli Farmoni hamda 2020-yil 1-maydagi “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4701-sonli Qarori asosida ipoteka krediti orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi amal qilib kelmoqda.

    Yangi tartibga asosan ipoteka kreditlari birlamchi bozorda tayyor holda topshirish sharti bilan hamda tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni sotib olish uchun ajratiladi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib, amaldagi tartiblarga asosan ipoteka kreditlari hisobiga sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy hamda koʻp kvartirali uylardagi kvartiralarni kadastr hujjatlari mavjud boʻlishi talab etiladi.

    Qurilish ishlari tugallanmagan yakka tartibdagi uy-joylar hamda koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar (kadastr hujjatlari mavjud boʻlmagan) tabiiyki, oʻrnatilgan davlat standartlaridan oʻtkazilmagan va bu oʻz navbatida, tijorat banklari faoliyati uchun riskli operatsiyalar sifatida koʻriladi.