Prezidentimizning 2017-yil 2-maydagi “2017-2021-yillarda gidroenergetikani rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi hamda 2018-yil 19-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari asosida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi “Zarchob-1 kichik GESini qurish loyihasi yakuniga yetgan boʻlsa, “Zarchob-2 kichik GES”i qurilishi boshlandi va “Zarchob-3 kichik GES”ini loyihalash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Ahamiyatlisi shundaki, bu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchandir. Ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda barqaror energiya ishlab chiqarilib, sanoat korxonalari, turli idoralar va aholiga yetkazib beriladi.
Zarchob-1 kichik GESini qurish loyihasi quvvati 37,80 MVt boʻlib, qiymati 80,4 million dollarga teng loyiha joriy yilning soʻnggida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Mazkur inshoot qurilishi “Oʻzbekgidroenergo” AJning tizim tashkiloti hisoblangan “Gidroproyekt” AJ tomonidan loyihalashtirilgan.
“Zarchob-1” kichik GESga 2 ta gidroagregat oʻrnatish belgilangan boʻlib, ularning umumiy quvvati 37,4 MVtni tashkil etadi. Hozirgi kunda bu yerda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, sozlash va sinovdan oʻtkazish, avtomatik tizim boshqaruvini markazlashgan holda muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, ushbu obyektdagi qurilish ishlari 2017-yilning avgust oyida boshlangan edi. GES uchun zaruriy texnologik qurilmalar Xitoyning yetakchi kompaniyalari tomonidan yetkazib berildi.
– Mazkur GESda ikki navbatda qurilish ishlari tashkil qilingan boʻlib, hozirgi kunda “Zarchob-1” kichik GESda soʻnggi sinov ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi “Toʻpolang” GES bosh muhandisi Nuriddin Salimov. – Joriy yilning soʻnggida mazkur GES ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. “Zarchob-1” kichik GES ishga tushsa, Sariosiyo, Uzun, Denov, Qumqoʻrgʻon, Shoʻrchi, Oltinsoy tumanlariga elektr yetkazib berish hajmi oshadi. Bundan tashqari GES faoliyat boshlashi bilan, 80 kishi ish bilan taʼminlanadi.