Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan yangi tahrirdagi Oziq-ovqat savdosi bilan shugʻullanuvchi savdo korxonalariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari (0068-24-son SanQvaN) ishlab chiqildi.
Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi maʼlum qildi.
Mazkur hujjat mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar qurilayotgan, qayta qurilayotgan va faoliyat yuritayotgan barcha oziq-ovqat savdosi bilan shugʻullanuvchi savdo korxonalarining joylashuvi, jihozlanishi va ularning sanitariya-gigiyenik holati, shuningdek, xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga oid talablarni belgilaydi.
Ushbu hujjat bilan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi ayrim talablar (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan oziq-ovqat turlari roʻyxatiga oʻzgartirshlar kiritish mumkin emasligi, savdo korxonasi qurilishi uchun yer tanlash Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan boʻlishi kabilar) bekor qilingan.
Yangi tahrirdagi hujjat bilan quyidagi sanitariya-gigiyena talablari belgilangan:
- savdo korxonalarini suv bilan taʼminlash uchun markazlashtirilgan maishiy va ichimlik suv taʼminotiga ulangan boʻlishi, bunda markazlashtirilgan suv taʼminoti mavjud boʻlmagan taqdirda, mustaqil suv taʼminoti tizimi qurilgan boʻlishi;
- oziq-ovqat va ularning tarkibiy qismlari, shuningdek nooziq-ovqat mahsulotlari, kimyoviy moddalarni (tozalash vositalari, moylash materiallari, yoqilgʻilar) saqlash uchun alohida sharoit (quruq va tabiy yoki sunʼiy ventilyatsiyasi mavjud xona) yaratilgan xonalar boʻlishi;
- qadoqlash uchun ishlatiladigan bir marotabalik idishlar inson salomatligi uchun xavfsiz materiallardan (plastik, kartonli, qogʻoz) tayyorlangan va toza, quruq boʻlishi.
Shu bilan birga, xavf-xatarni oldini olish maqsadida ishchi xodimlarda ochiq yaralar, tirnalgan, kesilgan yoki boshqa teri jarohati boʻlganda, jarohatni plastir bilan berkitish lozimligi.
Shuningdek, xodimlar quyidagi hollarda qoʻllarni suyuq sovun bilan yuvishi va dezinfeksiya qilishi lozimligi:
- ish boshlashdan oldin;
- ishdagi har bir tanaffusdan keyin;
- bir jarayondan ikkinchisiga oʻtishda;
- ifloslangan narsalarga qoʻl orqali tegilgandan keyin;
- hojatdan oldin va keyin ikki marta;
- toza maxsus kiyim (poyabzal bilan birgalikda) kiyishdan va ish boshlashdan oldin.