Yangi saylangan deputatlar yoshlar bilan uchrashdi

    Yangi saylangan deputatlar oʻz faoliyatini aholi orasiga chuqurroq kirib borish bilan boshladi. Masalan, Sirdaryo viloyat Kengashiga Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputat Azizbek Rahmonov yoshlar bilan muloqot oʻtkazdi.

    Xususan, Toshkent Kimyo texnologiyalar institutining Yangiyer shahar filialida boʻlib oʻtgan uchrashuvda yurtimizda olib olib borilayotgan yoshlarga oid siyosat haqida soʻz bordi. Shuningdek, bu boradagi islohotlar, yoshlarga doir qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarning ahamiyati haqida fikr yuritildi.

    Shu bilan birga, yoshlarning siyosiy va huquqiy bilimini oshirish, siyosiy jarayonlarga faol jalb qilish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan chora-tadbirlar xususida atroflicha tushunchalar berildi. Jumladan, mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur sharoitlar yaratish boʻyicha islohotlarning samarasi oʻlaroq bugungi yigit-qizlarning salohiyati ancha oshgani, til oʻrganish, xorijdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish kabi imkoniyatlardan foydalanishning samaradorligiga toʻxtalib oʻtildi.

    Bularga javoban yoshlar hamisha intiluvchan va izlanuvchan boʻlishi zarurligi, vaqtini foydali mashgʻulotlarga sarflash orqali qanday yaxshi natijalar koʻrsatishi mumkinligi hayotiy misollar bilan tushuntirildi.

    Muloqotda yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, hayoti va oʻqish jarayonidagi ayrim masalalarda maslahat va koʻmak ham soʻradi. Samarali muloqot yoshlarda yaxshi kayfiyat uygʻotdi.