Qayd etilganidek, amaldagi qonun 1993-yilda qabul qilingan boʻlib, bugungi kun talablariga va standartlashtirish sohasidagi xalqaro hujjatlarga mazmunan toʻgʻri kelmaydi.

Qonun 31 ta moddadan iborat boʻlib, uning maqsadi standartlashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir.

Qonunda davlat standarti tushunchasi majburiy bajarish maʼnosini anglatgani bois xorijiy tajribalarga tayangan holda “milliy standart” tushunchasiga oʻzgartirilmoqda. Chunki milliy standartlar ixtiyoriy asosda qoʻllanilishi belgilanmoqda.

Jahon Savdo tashkiloti, Standartlashtirish boʻyicha xalqaro tashkilot va boshqa tashkilotlar talablariga muvofiq, ishlab chiqaruvchilar isteʼmol bozorlari yoki xorijiy bozorlarga kirib borishi hamda raqobatbardoshliligini oshirib borishi uchun standartlar ixtiyoriy asosda qoʻllaniladi.

Qonunning qabul qilinishi bilan 18 mingdan ortiq standartlar majburiy tusdan ixtiyoriylikka oʻtadi. Shu bilan birga xalqaro, mintaqaviy va xorijiy standartlarni Oʻzbekiston Respublikasida qoʻllash tartibi joriy etilmoqda. Bunda ular Milliy organning qarori bilan milliy standartlar sifatida oʻzgarishsiz qabul qilish orqali qoʻllaniladi.

Shuningdek, standartlashtirish sohasida muayyan muddatga qabul qilinadigan “dastlabki standart”ni (DS – Dastlabki Standart) qoʻllash tartibi joriy etilyapti.

Turli xil idoralar kesimida standartlashtirish boʻyicha ishlarni alohida-alohida olib borish amaliyoti bekor qilinib, standartlarni ekspertizadan oʻtkazish, tasdiqlash, roʻyxatga olish, yangilash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish vakolati standartlashtirish boʻyicha Milliy organ – Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Oʻzbekiston Standartlar institutiga berilyapti.

Qolaversa, standartlashtirish faoliyatini tashkil etish tartibi aniq belgilanmoqda. Jumladan, standartlashtirish ishlarini rejalashtirish, standartlar axborot bazasini yaratish va yuritish, standartlarni qoʻllash, nashr qilish va tarqatish, Standartlashtirish sohasidagi nizolarni hal qilish tartibi, yaʼni Apellyatsiya komissiyasini tuzish belgilanyapti.

Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy va xorijiy standartlar asosida oʻz mahsulotlari va tovarlarini ishlab chiqishda hamda xizmatlar koʻrsatishda qulayliklar yaratib beradi. Bu aholiga sifatli mahsulotlar va xizmatlar koʻrsatishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.