Yangi tahrirdagi “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonunga qanday yangiliklar kiritilgan?

    Xavfsizlik 26 Oktabr 2023 1100

    Joriy yil 25-oktyabrda Oliy Majlis Senatning navbatdagi yalpi majlisi oldidan Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalari raislari hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.

    Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilishi rejalashtirilayotgan masalalar koʻrib chiqildi.

    Xususan, “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi, “Soliq va byudjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Probatsiya toʻgʻrisida”gi hamda “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

    Taʼkidlanganidek, soʻngi paytlarda yoʻl-transport hodisasi oqibatida koʻplab insonlar qurbon boʻlyapti. Mazkur holat nafaqat bizning balki, butun dunyoning dolzarb muammosiga aylanib ulgurgan.

    Bugungi davrning oʻzi sohani tartibga soluvchi amaldagi qonunga tegishli oʻzgartirishlar kiritishni hamda uni yanada takomillashtirishni taqozo etyapti.

    Shu maqsadda “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri ishlab chiqilgan. Qonundagi eng muhim yangiliklardan biri koʻp kvartirali uylarga tutash hududlarda toʻxtab turish joylarini qurish va atrof muhit, aholining sogʻligʻi va osoyishtaligiga transport vositalarining salbiy taʼsirini kamaytirish nazarda tutiladi.

    Shuningdek, Qonunda yoʻl harakati ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari ham aniq belgilab qoʻyiladi. Xususan, yoʻllarda yoʻl harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishiga boʻlgan huquqlari davlat tomonidan kafolatlanadi.

    Mazkur Qonun yoʻllarda yurtdoshlarimiz xavfsizligini taʼminlash, yoʻl harakatini toʻgʻri va tizimli yoʻlga qoʻyish, mutasaddi organlar oʻrtasida samarali hamkorlikni joriy etish, shuningdek, yoʻl harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi senatorlar tomonidan alohida taʼkidlandi.

    Majlis davomida Senat yalpi majlisida muhokama etilishi rejalashtirilgan boshqa qonunlarga toʻxtalib oʻtildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Muhokamalar yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.