Yangi tajriba: 2 sotix maydondan 500 bosh qoramol boqish uchun ozuqa olinmoqda

    Hozir atigi 180 kvadrat metr maydonga o'rnatilgan texnologiya orqali har kuni 5 tonna ko'k ozuqa olayotgan tadbirkor qoramollari uchun 1 yilda 1825 tonna maysa etishtira oladi.

    Navoiy viloyatida chorvachilik kun sayin rivojlanib bormoqda. Hududda sug'oriladigan erlar oz, chorva mollari ko'p bo'lgani bois, zarafshonlik tadbirkor Akbar Jo'raqulov viloyatda birinchilardan bo'lib gidroponika usulida ozuqa etishtirish texnologiyasini amaliyotga joriy etdi.

    Loyihaning ishlash mexanizmi oddiy. U kichkina maydonga har qanday turdagi don mahsulotlarini ekib, katta hududdan olish mumkin bo'lgan ko'k maysalarni etishtirishga mo'ljallangan. Uning yordamida 1 kvadrat metrdan 1 yilda 10 tonna maysa olish mumkin. Hozir atigi 180 kvadrat metr maydonga o'rnatilgan texnologiya orqali har kuni 5 tonna ko'k ozuqa olayotgan tadbirkor qoramollari uchun 1 yilda 1825 tonna maysa etishtira oladi.

    Jarayonda maxsus uskunaga don mahsulotlari ketma-ket solinadi, maysalar esa har 5-6 kunda o'sib chiqaveradi. Texnologiyaning eng afzal jihati, unda qishin-yozin xuddi ko'klamdagidek ko'k maysa etishtirib, chorva mollarini foydali ozuqa bilan boqish imkoni mavjud.

    Akbar Jo'raqulov rahbarlik qilayotgan “Nurli diyor parranda” mas'uliyati cheklangan jamiyatida har oy go'sht yo'nalishi bo'yicha 15 mingta parranda tayyorlanib, hududdagi bozorlarga 25-30 tonna parranda go'shti chiqariladi. Korxonada 500 bosh chorva moli ham bor. Uzoq yillardan buyon shu yo'nalishda ishlab kelayotgan zarafshonlik tadbirkor ko'plab xorij davlatlarida safarda bo'lib, chorvachilikni rivojlantirishda qo'l keladigan zamonaviy texnologiya va uskunalarni fermer xo'jaligida qo'llashga intiladi. Gidroponika usulida ozuqa etishtirish texnologiyasini ham u chet elda ko'rgan, ammo bunday uskunalar o'zimizda bir necha barobar arzon ishlab chiqarilishini bilgach, darhol bankdan 1 milliard 360 million so'm imtiyozli kredit oldi va Toshkentdagi “Intexnol” korxonasi bilan 5 tonna sig'imga ega uskuna uchun shartnoma imzoladi. Mazkur texnologiyaning ishlab chiqarilishi va afzalliklari haqida “Intexnol” korxonasining muhandis-konstruktori Muzaffar Irismetov bunday deydi:

    —Texnologiyaning yaratilishi, ishlash mexanizmlarini xorijning bir qator davlatlarida ko'rib, so'ng uni o'zimizda ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydik. Uni tayyorlashda iqlim sharoitimizga mos kelishi, foydalanishga qulayligi, asosiysi, narxi arzonligini ta'minlash kabi jihatlarga e'tibor qaratildi. Bir necha yillardan buyon uskunaning barcha qismlari o'zimizda chiqarilib, to'liq holida respublikamizning turli hududlaridagi fermerlarga sotilmoqda. Loyihani yaratishda har bir bosh molga 10 kilogramm sig'im miqdor belgilanadi. SHu asosida 250 kilogrammdan boshlab 10 tonnagacha hajmga ega uskunalar chiqariladi. Bizda bu texnologiya ko'pincha buyurtma asosida tayyorlanadi. Hozir nafaqat respublikamiz, balki qo'shni davlatlardan ham buyurtmalar tushib, xaridorlarimiz soni ortib bormoqda. YUrtimizda barcha tarmoqlar qatori chorvachilikni rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor natijasida ko'plab fermer xo'jaliklari bunday zamonaviy va tejamkor texnologiyalarni qo'llashga katta qiziqish bildiryapti. Akbar Jo'raqulov korxonasi uchun tay­yorlangan 5 tonnalik uskuna nafaqat Navoiy viloyati, balki respublikada birinchi yirik loyiha, desam mubolag'a bo'lmaydi.

    1 kilogramm dondan 5-7 kilogramm maysa olinmoqda

    Ayni paytda xorijda bir necha barobar qimmat bo'lgan gidroponika usulida ozuqa etishtirish texnologiyasi to'liq o'zimizda ishlab chiqarilayotgani Akbar aka singari ko'plab tadbirkorlarga qulaylik yaratadi. Avtomatlashgan tizim asosida boshqariladigan uskuna yil davomida bahor iqlimini saqlashga moslashgan. Texnologiyada doimiy ravishda namlik saqlanib, suv kislorod bilan boyitiladi. Don mahsulotlari 20-22 daraja issiqlikda o'stiriladi. Asosiysi, qurilmaning maxsus teshiklari orqali toza havo etkazib berilishi hisobiga ekologik toza, quvvatli, vitamin, makro va mikroelementlarga boy ozuqa olinadi. Qisqa vaqt ichida 1 kilogramm dondan 5-7 kilogramm yashil maysa unib chiqadi.

    — Mazkur intensiv texnologiya kichik hududda ko'p ozuqa olish imkoniyati bilan biz fermerlarga katta qulaylik beradi, — deydi “Nurli diyor parranda” MCHJ rahbari Akbar Jo'raqulov. — Mo''jazgina er maydonini egallagan loyiha an'anaviy 250 gektar maydonda etishtiriladigan ozuqa o'rnini bosadi. Zamonaviy texnologiya chorva mollari uchun to'yimli ozuqa manbai bo'lish bilan birga, unda etishtiriladigan ko'k maysalar 95 foizgacha hazm bo'lish xususiyatiga ega. Bundan tashqari, u yil davomida sigirlardan olinadigan sut miqdorini 30 foizgacha oshirib, sutning ta'mini yanada yaxshilaydi. Xorijda bunday texnologiya nihoyatda rivojlangan bo'lib, hatto ana shunday ekologik toza maysalarni sotishga mo'ljallangan ekodo'konlar faoliyati yo'lga qo'yilgan. YAqin kelajakda bizda ham shunday do'konlar ochilishiga ishonaman.

    Hozir Akbar Jo'raqulov buyurtmasiga, asosan, Turkiya, Evropa davlatlaridan korxonaga chorva mollarini parvarish qilishga mo'ljallangan eng so'nggi rusumdagi, zamonaviy texnikalar ham olib kelinyapti. Tadbirkor kelgusida faoliyatini yanada kengaytirib, hududda chorvachilikni rivojlantirish, go'sht mahsulotlarini xorij mamlakatlariga eksport qilishni rejalashtirgan.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri