Laboratoriya O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutida Jahon Islom taraqqiyot banki va Innovatsion rivojlanish va novatorlik g'oyalarini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tomonidan ilmiy-tadqiqot loyihaciga ajratilgan mablag'larni jalb etgan holda tashkil etildi.
Laboratoriyada farmatsevtika, veterinariya, parrandachilik va baliqchilik uchun yangi xususiyatlarga ega mikrob preparatlar yaratish, ularni kichik hajmda ishlab chiqarish va amaliyotga tadbiq etish ishlari amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish uchun tayyor bo'lgan biopreparatlardan biri oshqozon va ichak yallig'lanishining oldini oluvchi va davolovchi “Laktopropolis” dori vositasi. Dunyoda preparatning analogi yo'q bo'lib, ilmiy loyihalar doirasida o'tkazilgan klinik oldi sinovlari uning yuqori samaradorligini ko'rsatgan. Ushbu preparatni may oyida ishlab chiqarish va tijoratlashtirishni yo'lga qo'yish mo'ljallangan.
SHuningdek, ushbu laboratoriyada an'anaviy lactobacterin, bifidumbacterin preparatlari bilan bir qatorda yangi qondagi shakar miqdorini pasaytiruvchi, vitamin hosil qiluvchi probiotik preparatlar, sut mahsulotlarini ishlab chiqarishda ishlatilishga mo'ljallangan bir marta qo'shiladigan achitqilar, veterinariya, parrandachilik, baliqchilikda ishlatiladigan ozuqaga probiotik qo'shimchalar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Laboratoriya yangi avlod biopreparatlar ishlab chiqish, yuqori malakali ilmiy va ishlab chiqarish uchun kadrlar tayyorlash hamda farmatsevtika va biologiya yo'nalishida ta'lim olayotgan bakalavr va magistrlar uchun amaliyot o'tish uchun xizmat qiladi.