Yangi tarix yaratadigan oltin avlod

    yoxud Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali marosimni kuzatish asnosidagi mulohazalar

    Yoshlar kuni nafaqat yoshlar intiqib kutadigan, balki butun mamlakatimiz boʻylab keng nishonlanadigan sana. Chunki shu kuni Prezidentimiz aynan barkamol avlod vakillari bilan uchrashib, ular bilan fikr almashadi, mamlakatimiz kelajagiga oid koʻplab masalalar, tashabbuslarni oʻrtaga tashlaydi. Taʼbir joiz boʻlsa, shu kuni mamlakatimizda yoshlarga oid yuritilayotgan siyosat natijalari tahlil qilinib, kelgusi ishlar rejalashtirib olinadi.

    Yoshlar kuni joriy yilda ham koʻtarinki ruh va kayfiyat bilan qarshi olindi. Garchi Toshkentdagi Xalqaro kongress markaziga davlatimiz rahbari ishtirokida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda eng ilgʻor yoshlarning ayrimlari jamlangan boʻlsa-da, kun kayfiyati butun yurtimiz boʻylab yoyildi.

    Birinchi holat. Marosimning ikkinchi qismi “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyida tashkil etildi. Ishxonamiz yaqin joylashgani bois, mazkur saroy yonidan har kuni oʻtaman. Salobatli inshootda mahalliy va xalqaro tadbirlar muntazam tashkil etib turiladi.

    Bayram munosabati bilan boʻlib oʻtgan tadbir boshlanishi arafasida atrofni bir oz kuzatdim. Galdagi tadbir boshqalaridan bir jihati bilan ajralib turdi, yaʼni tashrif buyuruvchilarning aksariyati yangi Oʻzbekiston kelajagi — yosh yigit-qizlardan iborat edi. Ular bayram bahonasida maqsadlari, orzu-istaklari roʻyobi yoʻlidagi islohotlar samarasini, bu yoʻlda kelgusida amalga oshirilishi zarur ishlar, rejalarni shaxsan davlat rahbaridan eshitib, muloqot qilish imkoniga ega boʻlganidan mamnun edi.

    Tadbirda Prezidentimiz yoshlar kelajagiga daxldor koʻplab foydali, istiqbolli va manfaatli taklif hamda tashabbuslarni ilgari surdiki, ular nafaqat navqiron avlod vakillarini mamnun etdi, balki mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan ham katta ahamiyatga ega boʻldi.

    Tantanali marosimda davlatimiz rahbari Oʻzbekiston yoshlarini ushbu qutlugʻ ayyom bilan tabriklab, mehr va ishonchini bildirish barobarida ular qoʻlga kiritayotgan yutuqlarni ham eʼtirof etdi. Ilgʻor yoshlar nomini birma-bir sanab, ularning ota-onalari, ustozlariga alohida tashakkur bildirdi.

    — Birinchi va Ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan boʻlsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrogʻini baland koʻtarishga qodirsiz. Sizlar yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz, — deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.

    Darhaqiqat, bugun yangi Oʻzbekiston yoshlari baxtli avlod vakillari. Nega deganda, soʻnggi yillardagi izchil islohotlar tufayli yoshlarimiz har jabhada oʻzini namoyon etmoqda.

    Yurtimiz aholisining yarmidan koʻpi yoshlar. Bu katta kuch, shu bilan birga, ulkan imkoniyat va salohiyat ham. Yaʼni ularga qancha koʻp eʼtibor qaratilsa, mamlakat shunchalik qudratli boʻlib boraveradi.

    Yoshlarimiz erishayotgan, qoʻlga kiritayotgan yutuqlar soni ham, koʻlami ham keng. Shu maʼnoda, bugungi kunda yoshlarga sifatli taʼlim-tarbiya berish, xorijiy tillarni oʻrgatish, kasb egallab, hayotda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanganini zamon talabidan kelib chiqayotgan islohot deya baholasak toʻgʻri boʻladi. Birgina “ilm — tarbiya — innovatsiya” zanjiri yaratilishi qancha-qancha yoshlarning orzu-maqsadlari roʻyobga chiqishiga mustahkam poydevor yaratdi. Buni davlatimiz rahbari ham qayd etib, oʻtgan yili yurtimiz yoshlari top-500 talik oliygohlarga kirish boʻyicha Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni egallagani, bilimli yoshlar ilk bor TOP-5 talikdagi oliygohlarga kirib, tarixiy natijani qoʻlga kiritganini alohida tilga oldi. Natijada bugungi kunda oʻzbekistonlik 30 nafar yosh yigit-qiz dunyoning TOP-10 talik oliygohida, 500 nafari TOP-100 va 1500 nafari TOP-300 dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda.

    Soʻnggi yillarda yurtimizda yoshlar bilan ishlash boʻyicha dunyoda oʻxshashi kam boʻlgan vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi mohiyatini oʻzida mujassam etgan bu tizimda yoshlar bilan bogʻliq biror masala yoʻqki, eʼtibordan chetda qolgan boʻlsa. Prezidentimizning oʻzi, qolaversa, vaziru hokimdan tortib mahalla raisigacha — hammaning ishi yoshlar bilan bogʻlandi. Shunday boʻlishi ham kerak. Chunki yoshlar vatanimiz istiqboli. Kelajakka esa bugungi harakatlar orqali zamin yaratiladi.

    Bundan tashqari, oʻtgan yili 150 mingdan ziyod yosh xalqaro til sertifikatlarini qoʻlga kiritgan. Bu avvalgi yildagiga nisbatan 2 barobar koʻp.

    Ayni paytda yurtimizda 15 mingga yaqin oʻquv va 7,5 mingta kasbga tayyorlash markazi faoliyat yuritmoqda. Soʻnggi yillarda ular faoliyatini rivojlantirish uchun 100 dan ortiq imtiyoz va yengillik berildi.

    “Taʼlim — kelajak sarmoyasi” ezgu gʻoyasi ommaviy harakatga aylanmoqda. Ilm istagidagi yoshlar ana shu gʻoya atrofida birlashib, maqsadlarini amalga oshirishga intilmoqda. Xususan, ularning nufuzli xorijiy oliygohlarda oʻqish imkoniyatini oshirish maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyati takomillashtirildi. Pirovardida TOP-300 dagi oliygohga kirgan oʻgʻil-qizlarning oʻqish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlaydigan boʻldi.

    Eʼtiborga molik yana bir jihat: mamlakatimizdagi yoshlarga oid siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston BMTning “Yoshlar — 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy oldi. Yoshlar taraqqiyot indeksida esa eng tez rivojlanayotgan davlat sifatida qayd etildi. Buxoro Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkent MDH yoshlari poytaxti maqomini oldi.

    Soʻnggi yetti yilda boshqaruv kadrlari tarkibi ancha yosharib, 40 yoshgacha boʻlgan rahbarlar ulushi 37 foizdan 65 foizga oshgani ham Oʻzbekistonda yoshlarga eʼtibor qanchalik samara berayotganiga yana bir misol boʻladi. Bu raqam va koʻrsatkichlar koʻlami yanada kengayishi aniq. Negaki yuqorida keltirganimizdek, yoshlarning ilm olishiga yaratilayotgan shart-sharoit va qulayliklar samarasi uzoq kuttirmasligi turgan gap.

    Ikkinchi holat. Tantanali marosim davomidagi bir voqea hammaning koʻnglidan joy oldi. Davlatimiz rahbari bir guruh yoshlarni taqdirlash chogʻida Oʻzbekiston paralimpiya terma jamoasi aʼzosi, xalqaro toifadagi sport ustasi, Osiyo chempioni Fotima Saipovaga uy sovgʻa qilinishini aytib, shu yerning oʻzida Toshkent viloyati hokimiga zarur topshiriq berdi.

    Bu oddiy gap yoki oddiy mukofot emas, jasorat, matonat, sabr-qanoatning yana bir haqqoniy bahosi. Bu yangi Oʻzbekistonda hech kim eʼtibordan chetda qolmasligi, inson qadri har narsadan ustun ekanining yana bir isboti boʻldi. Balki shu bois mazkur hayajonli lahzaning qisqa videosi marosim tugamasidanoq internetda, ijtimoiy tarmoqlarda juda tez tarqaldi. Adogʻi yoʻq munosabatlar, bildirilayotgan fikr-mulohazalarni-ku, aytmay qoʻyaveray...

    Menimcha, yangi Oʻzbekistonda yoshlarga, xususan, imkoniyati cheklanganlarga qanchalik eʼtibor beriladi, umuman, yurtingizda inson qadri qanchalik ulugʻlanadi, deya savol beruvchilarga ana shu bir lahzali kadrlar koʻrsatilsa kifoya. Kadr bir lahza, lekin undagi holat bir umrlik.

    Ha. Biz ana shunday — farzandlarini tashlab qoʻymaydigan, kamchiligini toʻldiradigan, yutugʻidan oʻzlaridan koʻra oʻn karra, yuz karra quvonadigan, uni baralla aytib, dunyoga jar soladigan xalqmiz.

    Yoshlarimiz ham shunga mos, intiluvchan, gʻayratli. Ayniqsa, sport sohasida hali bir gʻalabasi taʼsiridan chiqmasimizdan galdagi yutuq qoʻlga kiritilmoqda. Qaysidir musobaqada navbatdagi oltinlar qoʻlga kiritilishi ketidan boshqa sport turidan jahonda tengsiz boʻlishyapti.

    Yurtdoshlarimiz boshqa sohalarda ham katta muvaffaqiyatga erishmoqda. Masalan, yoshlar taʼlim-tarbiyasida kitobsevarlik, sanʼat va madaniyatning ahamiyati katta. Bu yoʻnalishda muntazam oʻtkazib kelinayotgan koʻrik-tanlovlarda ishtirok etishni istovchilar safi tobora kengayib bormoqda. ­Chunki yoshlar oʻz tengdoshlari yutuqlarini koʻrib, ularga yetib olishga harakat qilmoqda. Endi bunday orzuli yoshlar soni yanada ortadi. Negaki bu kabi tanlovlarda gʻolib boʻlganlar chekka-chekka hududlardagi maktablarga borib, chiqishlar qiladi.

    Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblariga madaniyat va sanʼat oliygohlariga kirishda imtiyoz beriladi. “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblari bolalar musiqa va sanʼat maktablarida bepul oʻqitiladi.

    Xullas, misollar koʻp. Sanasak, koʻksimiz gʻurur va iftixorga toʻlib, vatanparvarlik tuygʻumiz joʻshib ketaveradi. Vatanparvar, xalqini, yurtini sevuvchi inson aslida shunday boʻladi. Yurtdoshining kichkina boʻlsa-da yutugʻidan xursand boʻlib ketaveradi. Xursandchilik sababchilarini ulugʻlashdan, madh etishdan charchamaydi.

    Xulosa. Soʻnggi yillardagi ishlarni tahlil qiladigan boʻlsak, mamlakatimizdagi yoshlarga oid siyosat mohiyati faqat ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilmaganini tobora chuqur anglay boshlaymiz. Buning zamirida katta siyosiy iroda, mashaqqatli mehnat, ulkan tashabbus va istiqbolli gʻoya mujassam. Buning ortida yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini taʼminlovchi yuksak marralar yotibdi. Prezidentimiz ushbu marralarni aniq fakt va dalillar bilan batafsil asoslab berdi.

    Qayd etganimizdek, bular boshlanishi. Hali qilinajak ishlar oldinda. Yoshlarimizni yanada yuksak choʻqqilar kutib turibdi. Uni zabt etish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilyapti.

    Davlatimiz rahbari oʻz nutqi soʻngida yana bir zoʻr gapni aytdi: “Sizlarning har bir yutugʻingiz — butun xalqimizning yutugʻidir. Azmu shijoatingiz, sogʻlom dunyoqarashingiz, baxtu iqbolingiz — millionlab ota-onalar, ustoz-murabbiylar, yaqinlaringizning ham baxtu saodatidir”.

    Darhaqiqat, yoshlarimiz erishayotgan yutuqlar barchamizniki. Ular bilan har qancha faxrlansak arziydi. Yangi Oʻzbekistonda yaratilayotgan shart-sharoit, imkoniyat, salohiyat bizga ana shunday yoqimli tuygʻularni taqdim etmoqda.

    Dilshod ULUGʻMURODOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri