Shuningdek, uchrashuvda yangi tashabbuslar e’lon qilindi. Ta’kidlash joiz, amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimiz yoshlari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganidan darakdir.
Tadbirda muhtaram Prezidentimiz “Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda” deya Yangi O‘zbekiston yoshlari Uchinchi Renessansni amalga oshirishini bir necha bor aytib o‘tdi. Bu so‘zlar nafaqat yoshlarimizga, balki huquq sohasida bilim olayotgan yosh avlodga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaatdir.
Prezidentimiz alohida urg‘u bilan aytdilarki, mamlakatimiz yoshlarining xalqaro miqyosdagi yutuqlari haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘tgan yili yurtimiz yoshlari “TOP-500” oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bugungi kunda 30 nafar yigit-qiz dunyodagi “TOP-10”, 500 nafari “TOP-100” va 1 ming 500 nafari “TOP-300”dan joy olgan nufuzli universitetlarda ta’lim olmoqda.
Bu chinakam katta yutuqdir. Toshkent davlat yuridik universitetining misolida ko‘rsak, yaratilgan sharoitlar evaziga har yili 100 nafarga yaqin bitiruvchi dunyoning TOP-300 universitetlariga magistraturaga o‘qishga kirmoqda. Jumladan, AQSHning Penselvania shtati universitetiga har yili 30 nafar bitiruvchi, Illinois universitetiga 10 nafar bitiruvchi hamkorlik doirasida qabul qilinmoqda. Quvonarlisi 3 nafar bitiruvchi Garvard universiteti magistraturasiga o‘qishga kirgan.
Bundan tashqari, ko‘plab bitiruvchilar Yevropa va Buyuk Britaniya universitetlarida o‘qishini davom ettirmoqda.
Universitetimiz talabalarining erishgan yutuqlari ham bu umumiy muvaffaqiyatlarning yorqin namunalaridan biridir.
Yana shuni faxr bilan aytishimiz mumkinki, iqtidorli talabamiz Zulfiya mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu yosh ayollarimizning bilim va iqtidorining xalqaro darajada e’tirof etilishining yaqqol dalilidir.
Xalqaro huquq bo‘yicha eng mashhur Jessup tanlovida tarixda ilk bor jamoamiz dunyoning TOP-8 jamoalari qatoriga kirdi. Bu xalqaro huquq bo‘yicha eng nufuzli tanlovlardan biri bo‘lib, unda talabalarimiz xalqaro huquq sohasidagi chuqur bilimlarini namoyon etdi. Braziliyada o‘tkazilgan mediatsiya tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Bu yosh yuristlarimizning nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish san’atini mukammal egallash darajasini ko‘rsatadi. Shuningdek, Qozog‘istonda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan huquqiy ingliz tili tanlovida 1-o‘rinni egallagan talabalarimiz mintaqaviy liderligimizni tasdiqladi.
Prezident nutqida ta’kidlanganidek, yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, xorijiy tillarni o‘rgatish, kasb egallab, hayotda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish davlatimizning asosiy vazifasiga aylangan. Shu o‘rinda yoshlar uchun quyidagi imkoniyatlar yaratilmoqda:
“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan “TOP-300” oliygohlarga kirganlarning o‘qish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshladi. Endilikda banklar ham bunday yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli kredit beradi. Tarmoq rahbarlari har yili o‘z tizimidagi 100 nafar yoshni seleksiya qilib, xorijiy stajirovkaga jo‘natish yo‘lga qo‘yiladi.
“Kelajan liderlari” dasturi joriy etilib, Davlat boshqaruvi akademiyasida har yili 100 nafar salohiyatli yosh o‘qitiladi. Ular vazir va hokimlarga biriktiriladi, tajriba orttirib, xorijiy stajirovkaga yuboriladi.
Sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha bank-moliya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va energetika ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, 100 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu esa yuridik xizmatlar sohasida ham yangi imkoniyatlar yaratadi. Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning huquq sohasiga kirib kelishi bilan yosh yuristlardan zamonaviy texnologiyalarni egallash, kiberhuquq, raqamli huquq kabi yangi sohalarni o‘zlashtirish talab etilmoqda. Shu o‘rinda Toshkent davlat yuridik universitetida Kiber huquq magistratura mutaxassisligi hamda Kiber huquq kafedrasi tashkil etilgan, maxsus fanlar joriy etilib, o‘qitilib kelinmoqda.
Prezident nutqida alohida ta’kidlanganidek, yosh avlodda vatanparvarlikni kuchaytirish, ularni turli zararli ta’sirlardan asrash masalasi ham dolzarb. Poytaxtimizda ochilgan “Millat fidoyilari” monumenti bu boradagi muhim qadamlardan biridir.
Yuridik ta’lim olayotgan yoshlar uchun bu, ayniqsa, muhim, chunki ular kelajakda huquq-tartibot organlari, sud tizimi, prokurorlik va advokatlik faoliyatida davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qiluvchi mutaxassislarga aylanadi.
Prezidentimizning “Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz” degan so‘zlari har bir yosh, jumladan, yosh huquqshunoslar uchun ilhom manbayi bo‘lishi kerak.
Toshkent davlat yuridik universiteti talabalarining erishgan yutuqlari shuni ko‘rsatadiki, bizning yoshlarimiz dunyo miqyosida raqobat qilishga qodir. Zulfiya mukofoti sovrindori bo‘lgan talabamiz, Jessup tanlovida TOP-8 ga kirgan jamoamiz, Braziliya va Qozog‘istondagi g‘alabalarimiz, TOP-100 universitetlarga qabul qilnayotgan bitiruvchilarimiz – bularning barchasi O‘zbekiston huquqshunosligining porloq kelajagiga ishonch bag‘ishlaydi.
Davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar va universitetimizning tajribasi birlashib, yosh yuristlarning xalqaro darajadagi mutaxassislarga aylanishi uchun keng yo‘l ochmoqda. Bugungi yoshlar haqiqatan ham “yangi tarix yaratadigan oltin avlod” ekanini o‘z yutuqlari bilan isbotlamoqda.
Mamlakatimizdagi odilona yoshlar siyosati asosida kelajakda O‘zbekiston yoshlari, shu jumladan, yosh yuristlar dunyoning nufuzli universitetlari, xalqaro tanlovlar va professional platformalarida yurtimi sharafini yanada yuksaltirishiga va davlatimizni rivojlantirib, yangi cho‘qqilarga olib chiqishiga ishonamiz.
Islambek Rustambekov,
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.b., yu.f.d., prof.