Yangi tashkil etilgan Davlatobod tumaniga hokim tayinlandi

    Ijtimoiy hayot 15 Noyabr 2020 14804

    Namanganda xalq deputatlari Davlatobod tumani kengashining navbatdan tashqari birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

    Unda deputatlar, viloyat va shahar faollari, korxona va tashkilot rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil iyun oyida Namanganga tashrifi davomida faollar bilan oʻtkazgan yigʻilishda keyingi yillarda viloyat markazida aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida Namangan shahri tarkibida yangi tuman tashkil etish lozimligini taʼkidlagan edi. Mazkur masala xalq deputatlari Namangan shahar va viloyat kengashlari sessiyalarida koʻrib chiqilib, davlat rahbarining tashabbusi maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 11-sentyabrdagi “Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan yangi tumanga asos solindi.

    Qayd etish joizki, bundan avval ham Namangan viloyatida 1977-yil 29-avgust kuni 1,1 ming gektar maydonda Davlatobod tumani tashkil etilgan. Mazkur tuman 2003-yilning dekabr oyida tugatilib, shahar tarkibiga qoʻshib yuborilgan.

    2020-yil 12-noyabr kuni esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi.

    Qayta tashkil etilgan Davlatobod tumani hududi 4 ming 686 gektardan iborat boʻlib, Namangan shahri hududining 26 foizini tashkil etadi. Tumanning 25 mahallasida 150 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Tuman hududida 421 koʻp qavatli uy, 18 maktab, 24 bolalar bogʻchasi, 5 tibbiy muassasa, “Yuksalish” va “Orzu” kichik sanoat zonalari, “Navbahor” stadioni, “Afsonalar vodiysi” bogʻi, 5 zamonaviy mehmonxona va 700ga yaqin xizmat koʻrsatish obyektlari joylashgan. “Namangan city” va “Smart city” bunyodkorlik loyihalari ham shu goʻshada barpo etiladi.

    “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasi doirasida Davlatobod tumanini raqamli transformatsiya qilish loyihasini amalga oshirish boʻyicha yoʻl xaritasi tasdiqlandi. Tumanda informatika va axborot texnologiyalari fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda raqamli texnologiyalarga oʻqitish hududiy oʻquv markazi tashkil etiladi.

    Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Shu paytga qadar Namangan viloyati hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari kotibiyati mudiri etib ishlab kelgan Anvarjon Abduvohidovich Tojimirzayev Davlatobod tumani hokimi etib tayinlandi.

    Anvarjon Tojimirzayev 1978-yil 17-fevral kuni Namangan shahrida tavallud topgan. Maʼlumoti oliy, 2000-yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi binolar va sanoat inshootlari quruvchisi, oʻqituvchi-pedagog.

    Mehnat faoliyatini 2002-yilda Namangan shahar hokimligining “Iqtisodstat” boshqarmasi mutaxassisligidan boshlangan. 2005—2020-yillarda Namangan shahar hokimligining kapital qurilish, kommunikatsiyalar kommunal xoʻjalik va obodonlashtirish masalalari kotibiyati mutaxassisi, yetakchi mutaxassisi, Namangan viloyati hokimligining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik va obodonlashtirish masalalari kotibiyati yetakchi mutaxassisi, mudiri, Namangan shahar hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik masalalari boʻlimi bosh mutaxassisi, Namangan shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari, “Oʻztransgaz” aksionerlik jamiyati Namangan viloyati hududiy gaz taʼminoti filiali boshligʻi vazifasini bajaruvchi vazifalarida ishlagan.

    2020-yildan hozirga qadar Namangan viloyati hokimligining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari kotibiyati mudiri lavozimida ishlab kelayotgandi.

    Anvarjon Tojimirzayev Namangan shahar hokimining 2020-yil 14-noyabrdagi qarori bilan Davlatobod tumani hokimi etib tayinlandi va tuman Kengashi deputatlari tomonidan lavozimiga tasdiqlandi.

    Shuningdek, sessiyada yangi tashkil etilgan Davlatobod tumani prokurori etib Muhammadali Qirgʻizboyev, tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimiga Umid Boyxonov tayinlandilar.

    Sessiyada Oliy Majlis Senati aʼzolari Ikromxon Najmiddinov, Anna Dobrix, yangi tumandagi Toʻquvchi, Yuksalish va Guliston mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari Sabohatxon Shokirova, Karima Joʻrayevalar soʻzga chiqib, Prezidentimiz tashabbuslari bilan yangi tumanni tashkil etilishi eng avvalo, aholi farovonligini yana-da yuksaltirish, Davlatobod hududini infratuzilmasini rivojlantirishda tarixiy ahamiyat kasb etajagini bildirdilar.

    Sessiya ishida Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.

    Oqilxon Dadaboyev, OʻzA