Dastlab, ishchi guruh yangi tashkil etilgan Koʻkdala tumanida boʻlib, tuman xalq taʼlimi boʻlimi uchun tayyorlangan bino hamda 112-maktab va uning yangi qurilgan filialida boʻldi.
Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasiga qisqa muddatda Koʻkdala tuman xalq taʼlimi boʻlimiga malakali kadrlarni jalb etish, xodimlar uchun barcha sharoitlarni yaratish koʻrsatmasi berildi.
Viloyat hokimligi tomonidan yangi barpo etilgan 220 oʻrinli 112-maktab filialida qurilish va jihozlashni nihoyasiga yetkazgan holda yangi oʻquv yilida alohida maktab sifatida faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilab olindi.
Yangi tashkil etilgan Koʻkdala tumanida 96 ta maktab faoliyat yuritadi va ularda 41 ming nafar oʻquvchi taʼlim oladi.
Prezidentimizning viloyatga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida Koʻkdalada Investitsiya dasturidan tashqari 1 ta 330 oʻrinli yangi maktab, 4 ta maktabga qoʻshimcha oʻquv binosi quriladi hamda 4 ta maktab filiali rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofaga keltiriladi. Mazkur ishlar shu yilning oʻzida amalga oshiriladi.