Sud –huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarining davomi sifatida yangi taxrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Sudlar to‘g‘risidagi qonuni qabul qilinib, ushbu hujjatga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘rilishi belgilandi. Ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur qonun bilan sud tizim tasdiqlanib, O‘zbekiston Respublikasida:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi;
harbiy sudlar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari;
fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari;
jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari;
tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari;
tumanlararo ma’muriy sudlaridan iboratligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek qonunda yana bir qator holatlar belgilanib ular quyidagilardan iboratdir:
Sud majlisini fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirish tartibi belgilangan bo‘lib, zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida fotosuratga olishi, video va audio yozuvini qonunda belgilangan tartibda amalga oshirishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.
Sud ishlari yuritiladigan tilga nisbatan ham talab belgilanib, O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib borilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, hyech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emasligi qat'iy ko‘rsatilgan.
Sudlar faoliyatini nazorat qilib borish tartibi belgilanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega ekanligi ko‘rsatilgan
Xalq maslahatchisining saylanishi tartibi va muddati, ularning yoshiga nisbatan ham talab quyilgan bo‘lib 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston fuqarosi xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkinligi belgilangan.
Sudyalik lavozimiga tayinlanganda yoki saylanganda ushbu lavozimda bo‘lish muddati ko‘rsatilgan bo‘lib, qonun talabiga ko‘ra sudya birinchi marta 5 yillik muddatga, navbatdagi 10 yillik muddatga va lavozimda bo‘lishning muddatsiz davriga belgilangan tartibda saylanadi yoki tayinlanishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, Oliy sud sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlar sudyalari uchun – 65 yoshni tashkil etishligi belgilangan.
Qonunda sudyalarning ijtimoiy va moddiy himoyasiga ham alohida tartibda belgilangan bo‘lib, uy-joyga muhtoj bo‘lgan sudya mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda sud joylashgan yerda xizmat turar joyi bilan ta'minlanishi, sudya unga doimiy yashash uchun belgilangan tartibda turar joy berilgunga qadar turar joy arendasi, ijarasi (ikkilamchi ijarasi) bilan bog‘liq xarajatlari kompensatsiya qilinishi huquqiga egaligi ko‘rsatilgan.
O‘z navbatida vakolat muddati tugagan sudyalarning ijtimoiy himoyalash tartibi ham belgilangan bo‘lib, vakolatlari muddati tugagan sudyalarning o‘rtacha oylik ish haqi ularni yangi vakolatlar muddatiga qayta saylash yoki qayta tayinlash to‘g‘risidagi masala hal qilinayotgan davrda yoxud boshqa ish berilgunga qadar, lekin ko‘pi bilan uch oygacha saqlab qolinishi, sudyalarga ularning vakolatlari muddati tugaganidan keyin ular sudyalik lavozimiga saylanishga yoki tayinlanishga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmaganda esa avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) berilishi belgilagan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda qonun ustuvorligini va ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Sobir Nabiev, Jizzax viloyat sudi sudyasi









