Yangi tumanda yangi mahallar tashkil etildi

    Koʻkdala tumanidagi “Chuvulloq”, “Annaroʻ”z, “Xarduri” va “Guliston” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida tashkil etilgan yangi mahallalar “Yangi Oʻzbekiston”, “Istiqlol”, “Karvon yoʻli” va “Bunyodkor” deb nomlandi.

    Xalq deputatlari tuman Kengashining yangidan tashkil topgan mahalla fuqarolar yigʻinlarini nomlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, yangi mahallalarning nomlari yozilgan zamonaviy koʻrinishdagi peshlavhalar bir hafta muddatda tegishli hududlarda oʻrnatilishi zarur.

    Koʻkdala tumani hokimligining maʼlum qilishicha, mahalliy Kengashning tumandagi toʻrtta mahallani boʻlish va yangi mahallalarni tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori shu yil 17-yanvarda chiqarilgan.

    Unga muvofiq boʻlinishgacha maydoni 3401 gektar, aholisi soni esa 9904 nafar kishidan iborat boʻlgan “Chuvulloq” mahalla fuqarolar yigʻinining 618 gektarida (aholi soni – 4292 nafar), “Annaroʻz” (maydoni – 12536 gektar, aholi soni – 6797 nafar) MFYning 519 gektarida (aholi soni – 3000 nafar), “Guliston” (maydoni – 3917 gektar, aholi soni – 7524 nafar) MFYning 1800 gektarida (aholi soni – 3730 nafar) va “Xarduri” (maydoni – 2929 gektar, aholi soni 7701 nafar) MFYning 1020 gektarida (aholi soni – 2730 nafar) yangi mahalla fuqarolar yigʻinlari tuzilgan.

    Maʼlumotlarga qaraganda, shu yil yanvar oyida “Koʻkdala” tumani hududida mahallalar soni 37 ta, xonadonlar soni 33418 ta, aholi soni esa 182 ming 661 nafarni tashkil etgan. Jumladan, “Chuvulloq” mahalla fuqarolar yigʻinida 1480 ta xonadonda 1860 ta oila, “Annaroʻz” MFYda 1173 ta xonadonda 1465 ta oila, “Guliston” MFYda 1095 ta xonadonda 1432 ta oila, “Xarduri” MFYda 1540 ta xonadonda 1650 ta oila yashagan.