Oliy Majlis Senatining 2020-yil 11-sentyabrdagi “Namangan viloyatining tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan yangi tumanga asos solindi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-noyabrdagi 718-sonli qaroriga muvofiq Namangan viloyati Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumani tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi “RAQAMLI OʻZBEKISTON - 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-6079-sonli Farmoniga muvofiq, 2020-2022-yillarda Namangan viloyati Davlatobod tumanini raqamli transformatsiya qilish dasturiga asosan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi hududda yana-da jadallashtiriladi va toʻlov tartibi takomillashtiriladi.

Mazkur elektr taʼminoti korxonasi hozirgi kunda 40 mingga yaqin maishiy isteʼmolchilar, 1,5 mingga yaqin turli sohalardagi ulgurji isteʼmolchilarga elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha xizmat qiladi. Hududda 5 ta kichik sanoat zonasi, jumladan, “Yuksalish” va “Orzu” KSZlari, turizm maskani - “Afsonalar vodiysi” tematik bogʻi, 421 namunali koʻp qavatli uylar, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, 18 maktab, 24 bolalar bogʻchasi, 5 tibbiy muassasa, 5 zamonaviy mehmonxona, “Navbahor” stadioni, 700 ga yaqin xizmat koʻrsatish obyektlari joylashgan. Qolaversa, “Namangan Square” va “Namangan smart city” kabi yirik istiqbolli loyihalar ham shu hududda amalga oshirilmoqda.

- Namangan shahri, 6-kichik tuman, “Xotira” koʻchasi, 4-uyda ish boshlagan mazkur korxonada 67 nafar xodim mehnat qilmoqda. Sobiq “Doʻstlik” ETK oʻrnida qayta qurilib, foydalanishga topshirilgan bino chiroyli va koʻrkam qiyofaga ega, zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Mijozlar uchun barcha sharoitlar, qulayliklar yaratilgan. Bank va pochta aloqa kassa shoxobchalari faoliyat koʻrsatadi, - deydi “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati direktori Jahongir Rizayev.

Orifjon JOʻRAYEV, 
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.