Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida aholi manfaati, haq-huquqlarini himoya qilish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar koʻlami kundan kunga kengayib bormoqda.
Ayniqsa, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarni uy-joy bilan taʼminlash, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash yoʻlida amalga oshirilayotgan xayrli tashabbuslar, yoshlar hayot tarziga shukronalik, koʻtarinkilik olib kirmoqda.
Margʻilon shahrida ana shunday mehr-eʼtiborga muhtoj Kamronbek Ikromov hamda Madinabonu Ubaydullayevalar yoʻqlandi. Ularga barcha qulayliklarga ega boʻlgan bir xonali uy kalitlari topshirildi. Ota-onalari vafotidan soʻng, bu yoshlar buvilarining vasiyligiga olingan edi.
Yaxshilar mehridan bahra olib, balogʻat yoshiga yetgan Madinabonu Ubaydullayeva Fargʻona davlat universitetida davlat granti asosida 2-bosqichda aʼlo baholarda taʼlim olmoqda. Kamronbek tadbirkorlik yoʻnalishida mustaqil ish boshlashni koʻzlab turibdi.
— Har kim oʻz uyi, Vatani boʻlishini orzu qiladi,-deydi yangi uy sohibi Kamronbek Ikromov.- Bizga koʻrsatilayotgan eʼtibor, gʻamxoʻrlikdan cheksiz minnatdormiz. Yangi uy, hayotimizda yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Bildirilgan ishonchni har jihatdan oqlash, yurt taraqqiyotiga xizmat qilishga harakat qilaman.
Yangi uy kalitlarini topshirish tantanalarida Milliy gvardiya Fargʻona viloyati boshqarmasi, sektor rahbarlari, mahalla faollari, yoshlar va nuroniylar ishtirok etdi.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.