Yangi uy – yangi orzu va umidlar roʼyobi

    Shu yil Navroʼz bayrami arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Chirchiq shahridagi bunyodkorlik ishlarini koʼzdan kechirgandi. Oʼshanda davlatimiz rahbari shaharning “Shodlik” mahallasida qurilgan 4 ta 16 qavatli uy qurilishi bilan ham tanishgan, Toshkent viloyatida ilk bor Chirchiqda qad rostlayotgan bunday koʼp qavatli uylar, eng avvalo, nogironligi bor, uy-joyga muhtoj aholiga berilishi haqida topshiriqlar bergan edi.

    Oradan toʼrt oy oʼtib, mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi arafasida uzoq yillar oʼz uyi boʼlishini orzu qilib yashagan, bu orzusiga qanday yetishni bilmay, sarson yurgan yurtdoshlarimiz shu uylarda yangi hayot boshladi.


    Oʼzbekistonda qariyb 25 yil mobaynida koʼp qavatli uylar deyarli qurilmadi hisob. Lekin aholi nufusi koʼpaya bordi. Natijada mamlakatda uysiz aholi soni ortaverdi. Bu, oʼz navbatida, koʼplab maishiy muammolarni keltirib chiqardi. Ota-bola, doʼstu yor oʼrtasida mehr-oqibat rishtalari uzildi. Chunki uy masalasi hayot-mamot masalasiga aylanib qolgandi. Bu, ayniqsa, shaharlashuv jarayonida juda jiddiy fojia edi.

    Keyingi 5 yilda mamlakat boʼylab jadal qurila boshlagan koʼp qavatli uylar, birinchi navbatda, unga muhtoj, kam taʼminlangan, nogironligi bor yurtdoshlarimizga berilishi yaqin qarindoshlar oʼrtasida munosabatlarning tiklanishiga ham sabab boʼldi...

    Darhaqiqat, mamlakatimizda soʼnggi yillarda amalga oshirilgan xayrli tashabbuslardan biri — koʼp qavatli uylarning qad rostlashi boʼldi. Bu orqali uyga ehtiyojmand koʼplab oilalarning orzusi ushaldi. Maoshini ijara uchun topshirgan aholiga ham qulaylik yaratildiki, endilikda ular shu mablagʼni ipoteka krediti asosida olingan uyga yoʼnaltirmoqda. Yaxshi tomoni, uy oʼziga qoladi. Vatan ichra kichik vatanli boʼlish esa aholiga xotirjamlik ulashmoqda, baxtu saodat sari yoʼl ochmoqda.

    Bu jarayonda Chirchiq shahri ham kundan-kun rivojlanib, taraqqiyot sari yuz tutayotgani haqida gapirish oʼrinli. Shunga muvofiq, hudud aholisi soni ham ortib bormoqda. “Shodlik” mahallasida qad rostlagan toʼrtta 16 qavatli uy aholining oʼsib borayotgan talabini taʼminlashga xizmat qiladi. Mazkur uylarda jami 288 ta xonadon mavjud.

    — Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida shahrimizda 408 xonadonli 8 ta koʼp qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan, — deydi Chirchiq shahar hokimi oʼrinbosari Rustam Toshxoʼjaev. — Quvonarlisi, 16 qavatli uylarning qad rostlashi shahrimiz chiroyiga chiroy qoʼshish barobarida, aholimiz uchun munosib sovgʼa boʼldi. Аyni paytda 128 xonadondan iborat ana shunday 2 ta koʼpqavatli uy foydalanishga topshirildi. 160 xonadonli yana 2 ta uy esa yil oxirigacha aholi koʼchib kirishi uchun tayyor holatga keltiriladi. Bundan tashqari, hududimizda aholi ehtiyojini hisobga olib, 120 xonadondan iborat 4 ta 5 qavatli uy qurilishi ham rejalashtirilgan. Shu kunlarda bu uylarning 3 tasida ichki va tashqi pardozlash ishlari olib borilyapti. Bitta uyda qurilish ishlari yakuniga yetmoqda. Tez kunlarda barcha xonadonlar oʼz egalariga topshiriladi.

    Bugun bu uylarga koʼchib oʼtgan yurtdoshlarimiz oʼz hayotidan mamnun, taqdiridan rozi. Аyniqsa, nogironligi bor hamda uy-joyga muhtoj ayollarga, oʼz sohasida alohida oʼrnak koʼrsatayotgan yosh oilalarga ham shu uylardan joy ajratilgani, imtiyoz yaratilgani bugungi islohotlar samarasidir, desak mubolagʼa boʼlmaydi. Uyli boʼlgan yurtdoshlarimiz “bu imtiyozlar hayotimizda tub burilish yasadi”, deya eʼtirof etmoqda.

    Dildan dilga koʼchayotgan quvonchlar cheksiz

    Biz Dinora Murodovaning eshigini qoqdik. Maqsadimizni eshitishi hamonoq quvonch yoshlarini tutib turolmadi. Bir kulib, bir yigʼlab, bizni uyiga taklif qildi. Bir-bir xonalarga koʼz tashladik. Keng va shinam xonalar did bilan taʼmirlangan, jihozlangan. Аyvonga chiqdik. 15-qavatdan yam-yashil shahar kaftdek koʼrinib turadi. Shaharga tutash adirlar, adirlar poyonidagi muhtasham togʼlar koʼngilga huzur bagʼishlaydi. Dinora opani yangi uy bilan tabrikladik, tilaklar bildirdik.

    Dinora Murodova shahardagi 2-maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi boʼlib ishlaydi. Turmush oʼrtogʼi baxtsiz hodisa tufayli vafot etgach, uning hayoti oʼzanidan chiqdi. 10 yoshli Malika, 8 yoshli Аidani bagʼriga bosganicha izillab qolaverdi. Boz ustiga yuragi ostida yana bir mitti yurakcha urishni boshlagan edi. Dadasidan yana bir yodgor Gulnur tugʼilgach, dardi biroz yengillashdi.

    Biroq shu orada ular yashab turgan uy sotuvga qoʼyildi. 3 nafar qizi bilan Dinora opa koʼchada qoldi. Ularga ajratilgan biroz mablagʼ ijara uchun sarflandi. Chirchiq shahar hokimligiga bir necha marta ariza bilan murojaat qildi. 16 qavatli uyning qad rostlashi Dinora Murodova kabi uyga ehtiyojmand, boquvchisini yoʼqotgan koʼplab oilalarga imkoniyat eshigini ochdi. Davlat tomonidan uy summasining 10 foizi subsidiya asosida toʼlab berildi.

    — Bu uyga koʼchib oʼtguncha qanday yashadim, eslagim ham kelmaydi, — deydi Dinora opa. — Oilada ikki farzandmiz: akam va men. Men turmushga chiqqach, onam va akam oilasi bilan Qozogʼistonga koʼchib ketdi. Bu yerda borib taqillatadigan eshigimiz yoʼq edi. Yaqinlarimning oldiga ketay desam, tugʼilib oʼsgan yurtimni koʼzim qiymadi. Qolaversa, turmush oʼrtogʼimning xoki shu yerda. Ijarama-ijara sarson hayot kechirdik.

    Аna shunday kunlarning birida hokimiyatdan qoʼngʼiroq qilishdi. Imtiyoz bilan yangi qurilayotgan koʼp qavatli uydan xonadon olishimiz mumkinligini aytishdi. Rosti, oʼsha paytdagi quvonchimni soʼz bilan taʼriflab berolmayman. Davlat tomonidan uyning boshlangʼich toʼlovi toʼlab berildi. Аkam ham qarab turmadi, farzandlaridan orttirib yordam qildi. Mana, endi bizning ham oʼz uyimiz bor. Hozir yana qoʼshimcha ish qidiryapman. Chunki farzandlarimning kelajagi uchun koʼproq harakat qilishim kerak. Ijarada yashayotgan kezlarimiz topganimni keltirib birovning qoʼliga tutqazardim. Baʼzan bu alam qilardi. Endi esa oʼz uyim bor-ku, degan tasalli bor. Bu uy — qorongʼu hayotimda nur kabi paydo boʼldi va yiqilgan joyimda oʼrnimdan turishimga, hayotimni davom ettirishimga kuch berdi.

    Bugun har bir inson taqdiri eʼtiborda. Oʼtgan yildan boshlab boquvchisini yoʼqotgani, farzandlari yoshligi inobatga olinib D.Murodova “Shodlik” MFY tomonidan “Temir daftar”ga roʼyxatga olindi. Shahar hokimligi, mahalla faollari oila holidan muntazam xabar olib turibdi.

    Yangi uyli boʼlgan 2-guruh nogironi Nafisa Vohidovaning ham bugun quvonchi ichiga sigʼmaydi...

    Nafisa koʼzida nuqson bilan tugʼilgan. Oʼshanda onasi hali shifokorga chopdi, hali tabibga. Ketma-ket jarrohlik amaliyotlaridan soʼng qizaloqning koʼrish qobiliyati har holda ijobiy tomonga oʼzgardi. Biroq davolash amaliyoti va muolajalar uchun yashab turgan uylarini sotishga majbur boʼlishdi. Ularning ham kuni ijara uylarda oʼtdi. Onasining topgani oila ehtiyojiga yetmagani tufayli Nafisa ham ishga kirdi. Chirchiq shahar koʼp tarmoqli markaziy poliklinikasidan oʼz oʼrnini topdi.

    Davlat tomonidan ajratilgan subsidiya ularning joniga oro kirdi: yangi uyga koʼchib oʼtishdi.

    — Biz uy olish uchun koʼp harakat qildik. Biroq harakatlarimiz zoe ketdi. Kredit summasi juda qimmat edi. Shu oʼrinda hukumatimiz yordamga keldi. Bu uyning boshlangʼich mablagʼi esa, davlatimiz tomonidan toʼlab berildi. Ipoteka krediti 20 yilga taqsimlandi. Onam ikkalamiz harakat qilsak, asta-asta toʼlab borsak boʼladi. Muhimi, endi uyimiz bor. Har tong koʼz ochganimda, birovning uyidaman, hozir eshik taqillatib kelib qoladi, degan xavotirdan yiroqman.

    Bu uyda yashovchilar orasida taqdiri mana shunday murakkab yurtdoshlarimiz yana bor. Ularning aksariyati uysiz qiynalgan, hayotning achchiq-chuchugini totgan. Biroq davlatimiz tomonidan oʼz vaqtida, oʼz oʼrnida berilgan koʼmak va eʼtibor tufayli ular yana hayotga qaytdi. Yangi uy yangi orzularni, ezgu niyatlarni amalga oshirishiga imkon beradi. Chunki muqaddas sanaladigan oilaning oʼz mustaqil qoʼrgʼoni boʼlsa, barcha niyatlar albatta ijobat boʼladi.