Davlatimiz rahbarining maktab bitiruvchilariga tabrigini chuqur hayajon bilan tingladim. Murojaatdagi har bir soʻz, har bir jumla ertangi kunimiz egalari uchun yaratilgan sharoit, taʼlim tizimidagi islohotlar samarasi va oldimizda turgan vazifalar haqida eslatib turuvchi oʻziga xos dastur vazifasini bajaradi.
Soʻnggi qoʻngʻiroq tadbiri avvalida Prezidentimiz tabrigi qayta oʻqib eshittirilganda oʻquvchilarim nigohida porlagan gʻayrat va shijoat uchqunini koʻrib, behad ruhlandim. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “Hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar” degan gapidan soʻng gulduros qarsak yangraganida 57 yillik pedagogik faoliyatim besamar ketmagani, umrimni yosh avlod tarbiyasiga bagʻishlab adashmaganimni yana bir karra yurakdan tuydim.
Hozir umumtaʼlim maktablarida bilim olish uchun eng soʻnggi texnologiyalarga asoslangan yaxlit tizim shakllanib ulgurgan. Uning samarasi yildan yilga tobora yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Ayniqsa, keyingi ikki yil davomida oʻquvchilarning pandemiya sharoitida oʻqib va yashab, qiyinchiliklarga qarshi kurashish koʻnikmasini ham egallashida ham masofaviy oʻqitish borasidagi imkoniyatlar qoʻl keldi.
Maktabimizda taʼlim olayotgan 887 nafar oʻquvchiga taʼlim berayotgan sakson nafar pedagogning teng yarmi oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar. Yaqinda boʻlib oʻtgan attestatsiyada yosh muallim Sardor Olloyorov yuz foizlik natijaga erishdi. Uning bitiruvchi sinf oʻquvchisi Ziyodulla Abdukarimov TATU Urganch filialida kiberxavfsizlik boʻyicha oʻtkazilgan tanlovda eng yuqori ball toʻplab, birinchi oʻrinni egalladi. Oʻquvchilarimiz “Bir million dasturchi” loyihasida qatnashib, 150 ta sertifikatni qoʻlga kiritdi. Bundan tashqari turli, fan olimpiadalari va tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etyapti. Oʻtgan yili maktabni tugatgan 11 “A”-sinf oʻquvchilarining yarmidan koʻpi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirdi. Erishgan barcha muvaffaqiyatlarimiz zamirida, shubhasiz, yurtimizda taʼlim-tarbiya sohasiga qaratilgan yuksak eʼtibor mujassam.
Bu yil 53 nafar yigit-qiz maktabimizni bitiryapti. Ular oʻtgan yilgi koʻrsatkichni yana-da oshirish niyatida. Bitiruvchilar orasida zamonaviy fikrlaydigan, oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni davom ettirishi istagidagilar ham, hozirgi kunda juda kerakli kasb-hunarlarni egallashni orzu qilganlar ham bor. Muhimi, ularning niyatini amalga oshirish uchun mamlakatimizda imkoniyat keng. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, qalbidagi ezgu orzu-intilishlarni roʻyobga chiqarishda mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan 137 ta oliy oʻquv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum yoshlarga muntazir.
Prezidentimizning bitiruvchilarga qarata “Sizlarning hayotda oʻz munosib oʻrningizni topishingiz uchun davlatimiz va jamiyatimiz bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarini toʻla safarbar etadi”, degan soʻzlari yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi, oʻzi tanlagan kasb-hunar va mutaxassislikni egallashida qanot beradi. Zero, yangi Uygʻonish davrini bugun maktab partasida bilim olayotgan va maktabni tugatib, hayotga ezgu maqsad bilan yoʻl olayotgan yoshlar bunyod etadi.
Anora MAHMUDOVA,
Gurlan tumanidagi 5-maktab direktori,
Oʻzbekiston Qahramoni









